2019 yilning 23 dekabr kuni 44-“Aviasozlar – Gulobod” yo`nalishida qatnovchi "MAN” rusumli avtobusda 2 ta ot olib ketilayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va muhokamalarga sabab bo`ldi. Shundan so`ng ushbu holat bo`yicha "Toshshahartransxizmat" AJ Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi 482-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan "Avtomobil transportida yo`lovchilar va bagajni tashish qoidalari"ning 15-bandiga muvofiq avtobusda tumshuqbog`siz itlar va boshqa hayvonlarni olib yurish taqiqlanishi belgilangan.
Ushbu tartib-qoidani bilgani holda haydovchi B. Tojiboev hamda chiptachi T.Ikromovlar yo`lovchilar xavfsizligi hamda transport vositasiga texnik shikast etkazishi mumkinligini o`ylamay avtobus saloniga otlarning olib kirilishigi ruxsat bergan.
Ushbu holat "Toshshahartransxizmat" AJ va avtobus saroyi jamoalari o`rtasida muhokama qilindi. O`z vazifasiga mas`uliyatsizlik bilan qaragani uchun chiptachi T.Ikromov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Haydovchi B.Tojiboevga nisbatan xayfsan e`lon qilindi.
Shu o`rinda ta`kidlash lozimki so`nggi ikki yilda “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtobus saroylariga 200 ga yaqin yangi avtobuslar kelib qo`shildi. Ayniqsa, harid qilinayotgan avtobuslarda zamonaviy qulayliklarning mavjudligi yo`lovchilarga birdek manzur bo`lmoqda.
Albatta, ushbu xarid qilinayotgan avtobuslar ko`p yillar yo`lovchilarga sifatli xizmat qilishi nazarda tutilgan. Shu bois avtobuslarni texnik jihatdan asrab-avaylashga jamiyat hamda avtosaroylar mutasaddilari bilan birga haydovchilar ham birdek mas`uldirlar. Buning uchun esa ulardan yo`lovchi tashish qoidalariga amal qilgan holda faoliyat yuritishlari talab etiladi.
Hurmatli, yo`lovchilar!
Jamoat transportlarida yuqoridagi kabi yoki belgilangan qonun-qoidalarga zid holatlarga duch kelsangiz bu haqda "Toshshahartransxizmat" AJning 1062-sonli ishonch telefoniga xabar berishingizni so`raymiz. Zero xalq mulki bo`lgan avtobuslarni asrab-avaylash, yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlash barchamizning burchimizdir, deyiladi rasmiy xabarda.






