AsosiyJamiyat

Oliy Majlis Cenati a`zolari saylovi qachon va qay tartibda o`tkaziladi?

'Oliy Majlis Cenati a`zolari saylovi qachon va qay tartibda o`tkaziladi?'ning rasmi

Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

Kun tartibidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Cenati a`zolari saylovi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining qo`shma majlisini chaqirish va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati sayloviga oid ayrim hujjatlarning namunalarini tasdiqlash masalalari o`rin oldi.

Yig`ilishni Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov olib bordi.

Ilgari Oliy Majlis Senati a`zolarini shakllantirish Markaziy saylov komissiyasining nizomiga muvofiq o`tardi. Yangi qabul qilingan Saylov kodeksida Senatni shakllantirish tartibi alohida 14-bob, 13 moddada belgilab qo`yildi. Saylov kodeksiga muvofiq, Senat a`zolarining saylovi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o`tkaziladi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qo`shma majlisini chaqirish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari e`lon qilinganidan keyin uch kunlik muddatda Senat a`zolarini saylash uchun qo`shma majlislar o`tkazilishini e`lon qiladi. Qo`shma majlis, agar unda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo`lsa, vakolatli hisoblanadi.

Qo`shma majlisni Markaziy saylov komissiyasi a`zosi ochib, eng obro`li, tajribali, katta yoshli deputatlar orasidan majlisga raislik qiluvchi to`g`risida taklif kiritadi. Qo`shma majlisning ishini olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali uch kishidan besh kishigacha miqdorda ishchi hay`at saylanadi, shuningdek, tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat Kotibiyat tuziladi.

Ushbu qoidalarga muvofiq majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a`zolari saylovi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qo`shma majlislarini 2020 yilning 16-17 yanvar kunlari o`tkazish haqida qaror qabul qilindi. Qarorga muvofiq hududlarda qo`shma majlislarni o`tkazish muddatlari, joyi va Markaziy saylov komissiyasidan ishtirok etuvchi mas`ullar haqidagi reja-jadval tasdiqlandi.

Saylov kodeksiga muvofiq, Senat a`zoligiga nomzodlar ko`rsatish qo`shma majlisda amalga oshiriladi. Senat a`zoligiga nomzodlar ko`rsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy ko`pchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi. Maslahat kengashi katta tajribaga ega bo`lgan eng obro`li, katta yoshli deputatlar orasidan, qoida tariqasida, har bir mahalliy Kengashdan bittadan vakil saylanadi. Maslahat kengashi o`z raisini saylaydi.

Maslahat kengashi fan, san`at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo`lgan hamda alohida xizmat ko`rsatgan eng obro`li deputatlar orasidan Senat a`zoligiga nomzodlarni ko`rsatadi va ko`rib chiqadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif kiritadi.

Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi va muhokamasi natijalariga ko`ra, qo`shma majlisda ularni saylov byulleteniga kiritish to`g`risida qaror qabul qilinadi. Qo`shma majlisda ishtirok etayotgan deputatlarning ko`pchiligi yoqlab ovoz bergan Senat a`zoligiga nomzod saylov byulleteniga kiritilgan hisoblanadi. Saylov byulleteniga olti nafardan kam bo`lmagan Senat a`zoligiga nomzodlar kiritiladi.

Kun tartibidagi ikkinchi masala – O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati sayloviga oid ayrim hujjatlarning namunalarini tasdiqlash haqidagi qaror loyihasi va uning ilovalari atroflicha muhokama qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senat a`zolari sayloviga doir saylov byulletenlarining, bayonnomalarning hamda boshqa hujjatlarning namunalarini tasdiqlaydi.

Yig`ilish qarori bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a`zolari sayloviga doir “Saylov byulleteni”, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari qo`shma majlisining bayonnomasi, shuningdek, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari qo`shma majlisi Maslahat kengashi yig`ilishining hamda Sanoq komissiyasi bayonnomasining namunalari tasdiqlandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik palatasidir. Senat a`zolari (senatorlar) Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo`shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo`li bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi.

Senatning o`n olti nafar a`zosi fan, san`at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo`lgan hamda alohida xizmat ko`rsatgan eng obro`li fuqarolar orasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Senat ishi yalpi majlislarga va uning qo`mitalari majlislariga to`planadigan senatorlar faoliyatiga asoslanadi. Senatning vakolat muddati besh yil. Vakolat muddati tugagach, Senat yangi chaqiriq Senati ish boshlagunga qadar o`z faoliyatini davom ettirib turadi.

Saylov kuni yigirma besh yoshga to`lgan hamda kamida besh yil O`zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi Senat a`zosi bo`lishi mumkin. Ayni bir shaxs bir paytning o`zida Senat a`zosi va Qonunchilik palatasi deputati bo`lishi mumkin emas.

    Boshqa yangiliklar