AsosiyDunyo

Turkiya va Rossiya Liviyadagi harbiy harakatlarga chek qo`yishga chaqirdi

'Turkiya va Rossiya Liviyadagi harbiy harakatlarga chek qo`yishga chaqirdi'ning rasmi

Turkiya va Rossiya Liviyadagi barcha tomonlarni 2020 yil 12 yanvar soat 00:00 dan boshlab harbiy harakatlarni to`xtatishga undash tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda Turkiya va Rossiya prezidentlari Raejep Toyyib Ero`g`an va Vladimir Putinning Istanbuldagi muzokaralar yakunlari bo`yicha qo`shma bayonotida aytiladi.

«Hozirgi murakkab sharoitda va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyusiyalarida belgilangan maqsadlarni hisobga olgan holda, biz tashabbus ko`rsatishga qaror qildik hamda vositachilar sifatida Liviyadagi barcha tomonlarni 2020 yil 12 yanvar soat 00: 00dan boshlab, harbiy harakatlarga barham berish uchun zarur choralar bilan qo`llab-quvvatlangan barqaror sulhni e`lon qilishga chaqiramiz. Bu esa, umumiy vaziyatni «er yuzida» barqarorlashtirish va Tripoli va boshqa shaharlarning kundalik hayotini normallashtirish uchun qabul qilinishi kerak bo`lgan qarordir, shuningdek, liviyaliklarni azob-uqubatlariga chek qo`yish va bu mamlakatga tinchlik va farovonlikni qaytarish uchun zudlik bilan muzokaralar stoliga o`tirish kerak», – deyiladi kommyunikeda.

Tomonlar, liviyaliklar mamlakatlaridagi barcha fuqarolar manfaatlarini hisobga olgan holda, istisnosiz, milliy muloqot doirasida o`z vatanlarining kelajagi to`g`risida mustaqil ravishda qaror qabul qilishlariga ishonch bildirdilar.

Bayonotda qayd etilishicha, Rossiya va Turkiya prezidentlari o`zaro hurmat asosida turli sohalarda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirmoqda. “Bugun biz Istanbulda amalga oshirayotgan “Turk Oqimi” gaz quvurining ishga tushirilishi ana shunday o`zaro manfaatli munosabatlarning yaqqol namunasidir. Hamkorligimiz nafaqat xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilishi, balki mintaqaviy muammolarni hal qilishda ham hissa qo`shayotganidan mamnunmiz ”, – deyiladi hujjatda.

Eron

Tomonlar AQSh va Eron o`rtasidagi keskinlikning kuchayishi, shuningdek, Iroq uchun uning salbiy oqibatlaridan chuqur xavotir bildirdilar. «Biz AQShning Islomiy inqilobiy soqchilar korpusi “Quds” maxsus kuchlari qo`mondon Qosim Sulaymoniy va uning atrofidagi odamlarga qarshi 2020 yil 3 yanvar kuni amalga oshirilgan amaliyotni, mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka putur etkazadigan harakat deb bilamiz», deyiladi qo`shma bayonotda.

«Eronning 2020 yil 8 yanvarda Iroqdagi koalisiya harbiy bazalariga ballistik raketa zarbalarini berganligini, biz har ikki tomonning zarbalar almashishi va kuch ishlatishi, Yaqin Sharqning murakkab muammolariga echim topishga yordam bermaydi va hech qanday manfaatlarga javob bermaydigan, beqarorlikning yangi bosqichiga olib keladi deb hisoblaymiz. Biz har doim chet el aralashuviga va jamoalararo nizolarga qarshi turdik. Shu munosabat bilan biz mintaqadagi ziddiyatni pasaytirishga tayyor ekanligimizni e`lon qilamiz va barcha tomonlarni mulohazali, diplomatik vositalarga ustunlik berib, sabr-toqat bilan harakat qilishga chaqiramiz.»

Suriya

Tomonlar Suriyaning suvereniteti, mustaqilligi, siyosiy birligi va hududiy yaxlitligini saqlab qolish tarafdori ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

“Biz terrorizmning barcha shakl va ko`rinishlariga qarshi kurashish va Suriyadagi bo`lginchilar (separatistlar) niyatlariga qarshi turish borasidagi qarorimizda qat`iyligimizni e`tirof etamiz. Shu munosabat bilan biz 2018 yil 17 sentyabrdagi Memorandum va 2019 yil 22 oktyabrdagi Memorandumni to`liq bajarilishi muhim ekanligini tasdiqlaymiz «, deyiladi hujjatda.

Idlib bo`yicha barcha kelishuvlarni to`liq amalga oshirish orqali, Idlibning deslkasiya zonasida tinchlik o`rnatish zarurligi ta`kidlandi.

Tomonlar Ostona mexanizmi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2254-sonli rezolyusiyasiga muvofiq, uzoq muddatli siyosiy echim topish va Konstitusiyaviy qo`mitani qo`llab-quvvatlashga va`da berishdi.

Barcha suriyaliklarga insonparvarlik yordamini biror bir kamsitishlarsiz, siyosiylashtirmagan tarzda va hech qanday shartlarsiz ko`paytirish zarurligi ta`kidlandi, deya xabar berdi Tarjumon

    Boshqa yangiliklar