Xitoyning “Chinese academy of Cultural heritage” tashkiloti tomonidan Xiva shahar “Ichan-qal`a” davlat muzey-qo`riqxonasida joylashgan “Amir To`ra” madrasasi, “Hasan Murod qushbegi” masjidi va “Zargarlar” ko`chasining 500 metr ichkari yo`lakida 9,5 mln. AQSh dollari investisiya mablag`lari o`zlashtirilishi hisobiga rekonstruksiya va kayta ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu haqda Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Ichan-qal`a” majmuasining shimoliy qismida, aholi istiqomat qiladigan hududda “Amir To`ra” madrasasi joylashgan. Ushbu madrasa 1870 yil Amir To`raning akasi Muhammad Rahimxon II (1863- 1910) tomonidan qurilgan. Madrasaning asosiy old qismi sakkiz qirrali tokcha hamda ikki qavatli qanot arkli baland portal ko`rinishida bo`lib, old qismining qolgan baland devorlari ham ikki qavatlilik ko`rinishini ifoda etadi.
“Hasan Murod qushbegi” masjidi XVIII asr oxiri XIX boshlarida Bog`cha darvoza yaqinida qurilgan. Mazkur masjid aka-ukalar Xasan Murod qushbegi bilan birgalikda Niyoz otaliq tomonidan mahalla ichida bunyod qilingan. Masjidda bir ustunli yozgi ayvon va gumbaz bilan bostirilgan qishqi masjid bor. Eshiklari islomiy naqshlar bilan bezatilgan.






