AsosiyJamiyat

Jinoyat prosessining voyaga etmagan ishtirokchilariga ko`proq kafolatlar berildi

'Jinoyat prosessining voyaga etmagan ishtirokchilariga ko`proq kafolatlar berildi'ning rasmi

Jinoyat-prosessual kodeksiga va «Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida»gi Qonunga tuzatishlar kiritildi.

Bundan  buyon quyidagilarning ishlarida himoyachidan voz kechishga yo`l qo`yilmaydi:

  • voyaga etmaganlar;
  • soqovlar, karlar, ko`rlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy holati buzilganligi sababli o`zini o`zi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslar;
  • sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslar;
  • jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo`lgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslar;
  • tibbiy yo`sindagi majburlov choralarini qo`llash to`g`risidagi ishlarda;
  • apellyasiya, kassasiya va nazorat instansiyasi sudi tomonidan ko`riladigan ishlarda.

Avval sanab o`tilgan holatlarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi himoyachidan voz kechishi mumkin bo`lgan, biroq bunday voz kechish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud uchun majburiy bo`lmagan. Ya`ni, ish himoyachi ishtirokida va keyinchalik undan voz kechilganda ham ko`rib chiqilishi mumkin bo`lgan. Shunga qaramay, har bir muayyan holatda qaror qabul qilish ayblov taraflari va sud ixtiyoriga qoldirilgan.

Bundan tashqari, voyaga etmagan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining iltimosiga ko`ra, ishda shaxslar bilan bir qatorda uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan birining yoki o`zi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakili sifatida ishtirok etishiga yo`l qo`yilishi mumkin. Qonuniy vakil sifatida ular:

  • o`zi vakillik qilayotgan shaxsning surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga chaqirilganligidan xabardor bo`lish; o`zi vakillik qilayotgan qamoqdagi shaxs bilan holi uchrashish; o`zi vakillik qilayotgan shaxs ushbu Kodeksga muvofiq ega bo`lgan prosessual huquqlarni amalga oshirish huquqiga ega (JPKning 46, 48, 55-moddalari);
  • o`zi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan o`tkaziladigan prosessual harakatlarda ishtirok etishi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning chaqiruvlariga binoan hozir bo`lishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo`q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko`ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar orqali to`sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.

Qonunda nazarda tutilgan shaxs huquqlarini himoyalash kafolatlari hamda gumon qilinuvchi va ayblanuvchi sifatida so`roq qilish, ekspertlik tekshiruvlari va murakkab tibbiy tekshiruv usullaridan yoki kuchli og`riq berish bilan bog`liq usullardan majburiy foydalanish yo`li bilan namunalar olishning o`ziga xos jihatlari endilikda 16 yoshdan 18 yoshgacha, ya`ni teng darajada barcha voyaga etmaganlarga tatbiq etiladi, (ilgari faqat 16 yoshga to`lmaganlarga tatbiq etilar edi). Bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy ta`sir o`tkazish, uni ko`rsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash taqiqlanishi alohida ta`kidlangan.

Davlat tomonidan bolaga nisbatan ekspluatasiya va zo`ravonlikning barcha shakllarining oldini olish, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, shuningdek ekspluatasiya va zo`ravonlikka duchor bo`lgan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam ko`rsatish bo`yicha choralar ko`riladi.

 

    Boshqa yangiliklar