Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev O`zA muxbirining hudud bilan bog`liq bir nechta haqli savollariga javob berdi.
– Siz ko`p joylarda rahbarlik lavozimlarida ishlagansiz. Qashqadaryo viloyatining o`ziga xos tomonlari, odamlari haqidagi dastlabki taassurotlaringiz?
– Qashqadaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat boshlashimdan avval ham viloyatga ko`p bora kelganman. Insonlariga kelsak, shu erlik o`rtoqlarim juda ko`pligi bois tasavvurim bor edi. Lekin, o`tgan qisqa davrda G`ilon, Chiyal, Ko`l va Oqqishloqlarida bo`lib, bir narsaga amin bo`ldimki, bag`rikenglik va yashab turgan zaminga sadoqat borasida bu xalqdan ko`p narsani o`rgansa bo`ladi.
– Qashqadaryo viloyati mamlakatimizda eng ko`p g`alla va paxta etishtiradigan, respublikaning asosiy neft-gaz zaxiralari joylashgan mintaqa hisoblanadi. Shunday bo`lsa-da nega aholining yashash sharoiti ko`ngildagidek emas. Bu aholidan kelayotgan shikoyatlarning ko`pligida ham ko`rinadi...
– Haqiqatdan ham, Qashqadaryo viloyati har tomonlama real imkoniyatlarga, salohiyatga ega viloyatlardan biri. Shunday bo`lsada, viloyatning ayrim hududlarida yashash sharoitlari haminqadar ekanligi ham bor gap. Bugun hamma narsani borligicha aytish vaqti kelganidan foydalanib ochiq aytaman: Eng og`ir masalalarimiz bu aholini ichimlik suvi balan ta`minlash. Ichimlik suvi masalasidan tashqari boshqa sohalardagi kamchiliklarni ham bosqichma-bosqich ravishda tez orada bartaraf etishni maqsad qilganmiz.
Yo`l masalasi, elektr uzatish liniyalari, gaz uzatish tarmoqlarida qilinadigan ishlar ko`lami katta. Bundan tashqari, oxirgi 2 yil davomida sel va tabiiy ofatlardan zarar ko`rgan 36 ta turli hajmdagi ko`priklar ta`miri ham joriy yilda o`z yakuniga etadi. Qarshi shahridagi ko`p qavatli uylarda issiqlik ta`minoti va ichimlik suvini uzluksiz etkazib berish, shuningdek, viloyat ahlini yashash sharoitini yaxshilash borasida tizimli ishlarni boshlab yuborganmiz.
Jumladan, aholining ijtimoiy turmush tarzini yaxshilash maqsadida 1097 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari va 305 dona transformator punktlarida yangi qurish va rekonstruksiya ishlari, 68,4 kilometr gaz quvurlarini yangidan tortish, 3,2 kilometr gaz quvurlarini kapital ta`mirlash va 1,6 kilometrini rekonstruksiya qilish, 5 ta gaz taqsimlash punktlarini mukammal ta`mirlash, 94 800 tn suyultirilgan gaz etkazib berish, shuningdek, 18 ta aholi punktlarida 92,5 milliard so`m mablag` evaziga 161,8 kilometr ichimlik suvi va kanalizasiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Bu erda eng muhim loyiha “Oqsuv-Dehqonobod” loyihasi bo`lib, qiymati 100,5 milliard so`mni tashkil etadi. Loyiha Dehqonobod tumanining 117 ta qishloqlarini suv bilan ta`minlash imkonini beradi.
Investisiya dasturi doirasida 23 ta umumta`lim maktablari (6902 o`quvchi o`rni), 16 ta sog`liqni saqlash ob`ektlari (151 qatnov va 761 koyka), 4 ta bolalar sporti inshootlari, 36 ta maktabgacha ta`lim muassasalari (5520 o`rin) yangidan quriladi hamda Qarshi muxandislik iqtisodiyot instituti 10 milliard so`m mablag` evaziga rekonstruksiya qilinadi.
– Viloyatda ishsizlik darajasi yuqori. Yangi rahbar sifatida bu muammoning oldini olish uchun nima qilish kerak, deb o`ylaysiz?
– Bandlik masalasi eng muhim muammolardan biri. Shu maqsadda, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta`minlashda asosan, tadbirkorlar katta suyanchimiz bo`ladi, deb hisoblayman. Prezidentimiz sa`y-harakati va shaxsiy tashabbuslari bilan mamlakatimizda tadbirkorlikning qonuniy asoslari mustahkamlandi. Shu bois, viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va ularning faoliyati hamda sonini kengaytirishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, 2020 yilda 21 mingta yangi ish o`rni tashkil etish maqsadida hududlar, yo`nalishlar va sektorlar kesimida ish izlayotgan fuqarolar ruyxati shakllantiriladi. Bu borada yirik loyihalarni amalga oshirish, kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etish, oilaviy va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir jihatni aytish lozimki, ish bilan ta`minlashda har bir iqlim va er sharoiti, xomashyo resurslaridan kelib chiqib yondoshamiz.
Misol: Viloyatda sement mahsulotlariga bo`lgan talab 3 foizga qondirilsa, shifer va gipsakarton umuman ishlab chiqarilmaydi. Kitob tumanida xitoylik hamkorlar bilan qurilayotgan sement zavodida 500 dan ortiq yoshlar ish boshlaydi. Ayni shu tumanda 200 gektar maydonda intensiv ko`chat etishtirish korxonasi tashkil qilingan. Joriy yilda bu erda ham ish ko`lami kengayib ko`plab ish o`rni yaratiladi. Yiliga 3 million dona intensiv gilos, shaftoli, qaroli va olma ko`chatlari bog`bonlarga etkazib beriladi.
– Yo`llar mamlakatning qon tomirlari hisoblanadi. Viloyatning ko`plab tumanlaridagi umumfoydalanuvdagi yo`llarning ahvoli hamon achinarli ahvolda. Bu borada qanday ishlar amalga oshiriladi?
– Aholi bilan uchrashuvlarda ham markaziy, ayniqsa, ichki yo`llar holatining talabga javob bermasligi bo`yicha ko`plab murojaatlar kelib tushadi. Bu borada ham maqsadli va rejali ishlarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.
Yo`llar borasida solishtirsak boshqa hududlarga qaraganda qilinadigan ishlar juda ko`p. Qishloqlarimizda, ayniqsa, tog`li hududlardagi yo`llar achinarli ahvolda.
Viloyat hududida jami 18446 kilometr yo`llar mavjud. Shundan 425 kilometri xalqaro ahamiyatdagi, 889 kilometri davlat ahamiyatidagi, 2112 kilometri mahalliy ahamiyatdagi va 15020 kilometri ichki avtomobil yo`llaridir. 8616 kilometr ya`ni jami yo`llarning 47 foizi ta`mirga muhtoj. Shundan 84 kilometri xalqaro, 270,6 kilometri davlat, 486 kilometri mahalliy ahamiyatdagi hamda 7 775,4 kilometri ichki yo`llar hissasiga to`g`ri keladi.
Qashqadaryo xalqining yaxshi sharoitlarda yashashga haqqi bor. Shu maqsadda, yuqoridagi rejalarimizni o`z vaqtida amaliyotga tatbiq etib, voha ahlini yashash sharoitini yuqori o`rinlarga olib chiqish eng asosiy maqsadimizdir.






