Parlamentda bola huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga doir qonun loyihasi ko`rib chiqilmoqda. Bu haqda faol deputat Rasul Kusherbaev ma`lum qildi.
“Bolalarning huquqlarini himoya qilish masalasi dolzarb bo`lib turgan ayni vaqtda ushbu qonun loyihasiga ko`ra, bir nechta qonunlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish nazarda tutilgan. Jumladan, Oila kodeksida nikoh bekor qilinganidan so`ng, voyaga etmagan bolalar ota-onasining qaysi biri bilan yashashi masalasini hal qilishda sud bolaning fikrini, etuklik darajasini, yoshidan qat`iy nazar uning ongi darajasini inobatga olishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shartligi belgilab qo`yilmoqda.
Amaliyotda nikoh bekor qilinganda deyarli 90/95 foiz holatda bola avtomatik ravishda ona qaramog`ida qoldirilib, otaning bola tarbiyasidagi huquqlari, ayrim hollarda bolaning fikri ham inobatga olinmaydi. Biroq besh qo`l barobarmas, deganlaridek, ba`zi vaqtlarda ona tomonning ahloqi va imkoniyatlari bolani tarbiyalashga etmasligi mumkin. Shunga qaramay bolaning xohishiga zid bo`lsa ham sud tomonidan bolalar ona qaramog`ida qoldirilayotgan vaziyatlar ham uchrab turibdi. Shu bois, farzand tarbiyasi va voyaga etkazishda ham gender tengligiga rioya etilishi shart.
Mazkur o`zgarish bu tenglikni ta`minlashga yordam beradi, degan umiddaman.
Shuningdek, qonun loyihaga ko`ra "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida"gi Qonunga qo`shimcha kiritib, bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to`liq ko`rib chiqishni kafolatlash, bunda bola to`liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko`rmasdan qoldirishga yo`l qo`ymaslikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Bolalarning ro`yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat`iy nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko`rsatilishi kafolatlab qo`yilmoqda.
Ushbu qonun loyihasini qabul qilish yuzasidan parlamentning yangi tarkibi qaror qabul qilishi kerak”, — deya ma`lum qildi deputat.






