Qashqadaryoda bodi-kameraning ishlayotganiga ishonmay, YPX xodimiga qarshilik ko`rsatgan haydovchiga jarima solindi.
2020 yil 3 yanvar kuni Qashqadaryoda YPX xodimi va haydovchi o`rtasida mojaro kelib chiqqani, haydovchi YPX xodimining bodi-kamerasi ishlayotganiga shubxa qilgani haqida xabar berilgandi. Qashqadaryo IIB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Javlon Baxtievning ma`lum qilishicha, haydovchining aybi isbotlanib, sud qarori e`lon qilingan.
Ma`lum bo`lishicha, Koson tuman Ma`muriy sudi 2020 yil 7 yanvar kuni haydovchi Ruslan Karimov ishini ko`rib chiqqan. Sudga bodi-kamerda yozilgan video ham taqdim etilgan. Sudda keltirilgan dalillar va guvohlarning so`zi tinglanib, qoidabuzar haydovchi YPX xodimining qonuniy talabini bajarmagani isbotlangan.
Shunga ko`ra sud haydovchi Ruslan Karimovni Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 128-modda 1-qismi, 135-modda 1-qismi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida ya`ni 669 ming so`m jarima jazosini tayinlagan.






