2020 yil 7 yanvar kuni “Telegram” ijtimoiy tarmog`idagi “BUKHARA NEWS” kanalida e`lon qilingan “Otasini o`ldirmoqchi bo`lgan pedofil hali-hanuz ozodlikda. IIB xodimi, MFY raisi va 100$” sarlavhali maqola e`lon qilindi.
Ushbu holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati rasmiy ma`lumot berdi
2019 yil 21 dekabr kuni soat 12.30da Shofirkon tumani Chandir MFYda yashovchi fuqaro F.Yu Shofirkon tumani IIB profilaktika inspektori kapitan Sh.Narzievga qo`ng`iroq qilib, ukasi O.Yu spirtli ichimlik iste`mol qilgan mast holatda atrofdagilarning tinchini buzib, janjal qilayotgani haqida xabar bergan.
Xabarga asosan kapitan Sh.Narziev va Chandir MFY raisi G`.O`rinovlar hodisa joyiga borib, fuqaro O.Yu bilan suhbatlashilganda, fuqaro O.Yu.dan spirtli ichimlik hidi kelib turganligi sababli mastlik holatini aniqlash maqsadida Shofirkon tumani Tibbiyot birlashmasida narkologik tekshiruvdan o`tkazilgan. Narkologiya tomonidan O.Yu.ning “Alkogoldan mastlik holati”da ekanligi aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida O.Yu.ning mast holda otasiga pichoq va bolta ko`targanligi, uni o`ldirishga harakat qilganligi, biror bir shaxsga tan jarohati etkazganligi kabi holatlar yuz bermaganligi aniqlangan.
Shuningdek, fuqaro O.Yu spirtli ichimlik iste`mol qilgan mast holda jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzganligi hamda profilaktika inspektori kapitan Sh.Narzievning qonuniy talablarini bajarmaganligi uchun unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (IIB xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va to`plangan hujjatlar qonuniy hal qilish uchun 2019 yil 23 dekabr kuni Ma`muriy ishlar bo`yicha Shofirkon tumani sudiga yuborilgan.
Shuningdek, 2019 yil 23 dekabr kuni Shofirkon tumani Chandir MFYda yashovchi S.F tuman IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 21 dekabr kuni soat 16.00da qo`shnisi O.Yu 2002 yilda tug`ilgan o`g`li Sh.Q.ga nisbatan tegajog`lik qilganligining guvohi bo`lganligini, mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv o`tkazib, O.Yu.ga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan. Ushbu ariza shu kuni tuman IIBda tegishli tartibda qayddan o`tkazilgan va tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa joyi ko`zdan kechirilgan.
Fuqaro Sh.Q.ga nisbatan tayinlangan Sudga oid tibbiy ekspertizaning 2019 yil 28 dekabr kunidagi xulosasida Sh.Q.ning tanasida biror bir tan jarohati va uning izlari mavjud emasligi bayon qilingan.
2019 yil 21 dekabr kuni fuqaro O.Yu voyaga etmagan Sh.Q.ga nisbatan tegajog`lik qilganligi holatini tasdiqlovchi va bir birini to`ldirib boruvchi asosli dalillar yo`qligi sababli fuqaro O.Yu.ning harakatlarida biror jinoyat alomatlari bo`lmaganligi inobatga olinib, Shofirkon tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan mazkur holat yuzasidan 2019 yil 29 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishini qo`zg`atishdan rad qilish haqida qaror qabul qilingan va bu haqida ariza muallifiga bildirish xati jo`natilgan.






