Viktoriya shtatida, aholini evakuasiya qilish ishlari boshlanib, yangi haddan tashqari issiq to`lqin yaqinlashayotgani to`g`risida ogohlantirish berildi.

Shtatda o`rmon va butalarning katta miqyosdagi yong`inlari avj olib, favquloddagi vaziyatni yanada keskinlashishi xabar qilindi, deb yozadi dw.com axborot nashri.
9 yanvar kuni Viktoriya shtati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig`i Endryu Kriskpning bergan bayonotiga ko`ra, “Keyingi 36 soat ichida, mamlakatning janubi-sharqidagi Viktoriya shtatida “juda xavfli va dinamik“ holat yuzaga keldi.
10 yanvar kuni mintaqada kutilayotgan ob-havo haroratining ko`tarilishi tufayli, shtat ma`muriyati tabiiy ofat favqulodda rejimini yana ikki kunga uzaytirib, Viktoriyaning ba`zi hududlarida “ekstremal vaziyat” o`zgarmayotganini ma`lum qildi.
Avstraliya polisiya mahkamasi boshlig`i Liza Nevill jamoatchilikka qilgan murojaatida, yong`in to`xtamayotgani haqida aholini ogohlantirdi hamda odamlarni evakuasiya ishlariga ko`maklashishga chaqirib, mamlakatda yong`inlar yanada avj olayotgani haqida bayonot berdi.

Eslatib o`tamiz, Avstraliya o`rmonlarida, asosan mamlakatning janubi-sharqida yong`inlar 2019 yil avgustidan beri davom etmoqda.
Yong`inlar natijasida 2020 yil 5 yanvar holatiga ko`ra, 6,3 million gektarga yaqin o`rmonlarga zarar etib, 2500 dan ortiq bino (shu jumladan 1300 dan ortiq turar-joy binolari) alanga ichida qoldi. Dunyo OAVlari yong`inlar natijasida 25 kishi vafot etgani to`g`risida xabar tarqatdi.
2019-2020 yilgi mavsumdagi yong`inlar butun dunyo yong`inlari tarixidagi eng katta talofat etkazgani bilan tarixda qolmoqda.
2019 yil dekabr oyida yangi Janubiy Uels shtati hukumati rekord darajadagi harorat, uzoq davom etgan qurg`oqchilik va yong`inlarning avj olishi sababli favqulodda holat e`lon qilgan edi. Hisob-kitoblarga ko`ra, uch milliardga yaqin hayvonlar davom etayotgan yong`inlardan jabr ko`rgan.
Sidney universiteti ekologi Kris Dikmanning so`zlariga ko`ra, 2020 yil 8 yanvarda yong`inlar paytida nobud bo`lgan hayvonlar soni bir milliarddan oshdi.
Yong`inning asosiy sabablari sifatida, qit`ada rekord darajadagi issiqlik va qurg`oqchilik, shuningdek mintaqada kuchli momaqaldiroq sodir bo`lishi natijasida o`rmonlarga yashin urishi deb qaralmoqda.
O`tgan yilning sentyabr oyidan buyon, yangi Janubiy Uels shtatining katta hududlariga, ayniqsa, shtatning shimoliy sohilidagi hududlarga, o`rta shimoliy sohil, Hunter viloyati, Govkesburi shahri, Vollondilli, Sidneyning chekkalari, Moviy tog`lar, Illavarra, Janubiy sohillarda 100 dan ortiq yong`inlar sodir bo`lib, ularda yashovchi aholi evakuasiya qilindi.






