AsosiyJamiyat

Rotavirusga qarshi sifatli vaksina O`zbekistonga arzonlashtirilgan narxlarda olib kiriladi

'Rotavirusga qarshi sifatli vaksina O`zbekistonga arzonlashtirilgan narxlarda olib kiriladi'ning rasmi

“Jo`shqin Gujarat — 2019“ Xalqaro investision sammiti doirasida Innovasion rivojlanish vazirligi va Hindistonning “Bharat Biotech” kompaniyasi o`rtasida imzolangan hamkorlik to`g`risidagi bitimga ko`ra, “Bharat Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan rotavirus infeksiyasiga qarshi yangi Rotavac vaksinasini etkazib berishga kelishilgan edi.

Bugungi kunda Innovasion rivojlanish vazirligi va “Bharat Biotech” kompaniyasi o`rtasida olib borilgan muzokaralarga ko`ra, mamlakatimizga ushbu vaksinaning 1 dozasini 0,85 AQSh dollarida etkazib berishga kelishildi. Avvallari rotavirusga qarshi vaksinalarning 30 foizi UNICEF vaksinasiya dasturining hamkori bo`lgan Global vaksinasiya va immunizasiya alyansi (GAVI) tomonidan moliyalashtirilishi hisobiga vaksinaning 1 dozasi 2,29 AQSh dollarga xarid qilingan.

Shuningdek, vazirlik tomonidan ushbu kompaniyaga Rotavac vaksinasini respublikamizda davlat ro`yxatidan o`tkazishda amaliy yordam ko`rsatildi. Rotavirus infeksiyasiga qarshi qo`llaniladigan Rotavac vaksinasi Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan qayta kvalifikasiyadan o`tgan. Uni jahonning barcha davlatlarida qo`llashga ruxsat berilgan. Kompaniya esa bir qator xalqaro kompaniyalar va jamg`armalar bilan hamkorlik natijasida mazkur vaksinani 2014 yili Hindiston bozoriga taklif etishga muvaffaq bo`lgan. Kompaniya bergan ma`lumotlarga ko`ra, uni yaratish uchun 200 million AQSh dollari investisiya qilingan.

Rotavirus asosan chaqaloqlarda va kichik yoshli bolalarda oshqozon-ichak kasalligini keltirib chiqaruvchi virus bo`lib, organizmni suvsizlanishiga olib keladi. Bolalarda kasallik qusish va tana haroratining yuqoriligi bilan kechadi. Rotavirus yoki xalqona tilda oshqozon grippi deb ataladigan ushbu kasallikka qarshi tibbiy preparatlar mavjud bo`lmaganligi bois Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rotavirusga qarshi emlash amaliyotini qo`llashni tavsiya etadi. Hindistonning “Bharat Biotech” kompaniyasi tomonidan yaratilgan yuqori sifatli va iqtisodiy samaradorlikka ega bo`lgan Rotavac vaksinasi qator xorijiy mamlakatlarda chaqaloqlarni emlashda foydalanilmoqda. Demak, ushbu nisbatan arzon va sifatli vaksinani ochiq tenderda qatnashishi va O`zbekiston bozoriga kirib kelishi aholini emlash qamrovini yanada kengaytiradi, farzandlarimizning sog`lom va baquvvat o`sishlariga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar