AsosiyJamiyat

Samarqandda 41 nafar uylanmoqchi bo`lgan yigitda OIV infeksiyasi aniqlangan

'Samarqandda 41 nafar uylanmoqchi bo`lgan yigitda OIV infeksiyasi aniqlangan'ning rasmi

Bu 2019 yilgi raqamlar. 2018 yilda esa bu ko`rsatkich Samarqand viloyat bo`yicha 61 tani tashkil qilgan. Nikohdan avvalgi tibbiy ko`rikda aniqlangan mazkur holatlardan so`ng tomonlar to`yni to`xtatgan. Mazkur raqamlar viloyat xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o`tkazilgan yig`ilishda aytildi.

Anjumanda viloyat hokimi o`rinbosari, xotin-qizlar qo`mitasi raisi G.Alimova qonuniy nikohdan o`tmay, shar`iy nikoh bilan turmushga chiqishga rozilik berayotgan xotin-qizlarning keyingi hayotida muammolar sodir bo`layotganini ta`kidlab o`tdi.

- O`tgan yili xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan mingga yaqin shar`iy nikoh bilan yashayotgan oilalar aniqlandi, ularning aksariyatida muammolar bor, - dedi G.Alimova. – Ayniqsa, shar`iy nikoh bilan uylangach, ayolini arzimas sabablar bilan uyiga haydab yuborish, oqibatda ayollarning farzandlari bilan ko`chada qolish holatlari ko`p. Bu holatning oldini olish uchun aholi orasida targ`ibot ishlarini kuchaytirish kerak. O`tgan yili tegishli hujjati bo`lmasa-da, nikoh o`qigan ikki nafar rasman ro`yxatdan o`tmagan mullalar qo`mita tomonidan prokuratura organlariga topshirildi.

- Shar`iy nikohning yana bir salbiy oqibati, nikohlanuvchilarning tibbiy ko`rikdan o`tmasligidir, - deydi viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari S.Mo`minov. – Masalan, o`tgan yili nikohlanuvchilarning tibbiy ko`rikdan o`tishi natijasida 41 nafarida OIV infeksiyasi aniqlangan. Agar tibbiy ko`rikdan o`tmasa, bu raqam 82 ta bo`lardi. Natijada to`y qoldirildi. Bundan tashqari, bir qator ijtimoiy kasalliklar aniqlanib, nikohlanuvchilarga ma`lum qilingan. Tasavvur qiling, agar qonuniy nikohdan o`tmay, shar`iy nikoh bilan turmush qurgan yoshlarda shunday, ijtimoiy xavfli xastaliklar uchrasa, o`zi bilib, ehtimol bilmagan holatda yana bir insonni ushbu xastalikka duchor qiladi. FHDYo organlari orqali nikohdan o`tayotgan yoshlar esa albatta, tibbiy ko`rikdan o`tishga majbur.

Yig`ilishda joylarda bu masalaga jiddiy e`tibor qaratish lozimligi bo`yicha tegishli tashkilotlarga vazifalar belgilab berildi.

    Boshqa yangiliklar