1

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo`yicha vazifalar berdi

Siyosat 10.01.2020, 21:39
Shavkat Mirziyoev O`zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo`yicha vazifalar berdi

Shu kunning o`zida Qurolli Kuchlar Akademiyasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev raisligida Xavfsizlik kengashining milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va isloh qilish masalalariga bag`ishlangan kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Tadbirda Xavfsizlik kengashi a`zolari, Qurolli Kuchlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, videokonferensaloqa orqali esa hududlar rahbarlari, harbiy okrug va harbiy qismlar qo`mondonligi, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar to`g`risida axborot berildi.

Yig`ilishda Qurolli Kuchlarni rivojlantirish bo`yicha olib borilayotgan keng ko`lamli ishlar sarhisob qilinib, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlarining milliy armiyamizni rivojlantirish va isloh qilish borasidagi faoliyatiga tanqidiy baho berildi. 

Prezidentimiz 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakat hayotining boshqa sohalari bilan bir qatorda harbiy qurilish yo`nalishida keng miqyosli modernizasiya ishlari amalga oshirilgani, bu bilan qisqa davrda aniq natijalarga hamda Qurolli Kuchlarimiz qiyofasi bo`yicha strategik yondashuvni shakllantirishga erishilganini ta`kidladi.

Hozirgi axborot makonidagi qarama-qarshilik, odamlar, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash kuchaygan sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o`rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida qayd etildi.

Aholini, avvalo, yoshlarni shunday ruhda tarbiyalash tizimini takomillashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro`yobga chiqarish bo`yicha qo`shimcha topshiriqlar berildi.

– Armiya moddiy jihatdan eng zamonaviy va zarur vositalar bilan ta`minlangan bo`lishi mumkin, lekin axloqiy jihatdan zaifligi, jangovar ruhi, Vatanga sodiqlik va muhabbat, uning taqdiri uchun mas`uliyat hissi yo`qligi yoki loqaydlik tuzatib bo`lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin, – deya ta`kidladi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari, Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirishning boshqa muhim yo`nalishlari ko`rib chiqildi.

Yig`ilish yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev tomonidan mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash sohasida kelgusi ishlarni tashkillashtirish bo`yicha vazifalar belgilandi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1