1

Endi qog`ozbozlikka berilib, xonasida o`tirgan rahbarlar bilan xayrlashamiz — Shavkat Mirziyoev

Siyosat 21.01.2020, 16:28
Endi qog`ozbozlikka berilib, xonasida o`tirgan rahbarlar bilan xayrlashamiz — Shavkat Mirziyoev

Prezident Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis palatalarining qo`shma majlisida odamlarning yaxshi yashashga bo`lgan talablari ortib borayotganiga e`tibor qaratdi, deya xabar bermoqda Prezident Matbuot xizmati.

- Endi kechagi natija bilan xalqimizni rozi qila olmaymiz. Bugungi kun talabi har kuni izlanish, yangilik yaratishdir. Shundagina xalqimiz hayoti yaxshi tomonga o`zgaradi, - dedi davlat rahbari. 

Avvalo, qonun, farmon va qarorlar ijrosini to`g`ri tashkil etib, amalga oshirilayotgan islohotlarni har bir tuman va qishloqqacha etib borishini ta`minlash zarurligi ta`kidlandi. 

- Biz qancha mukammal qonun, farmon va qarorlar qabul qilmaylik, agar ular joylarda etarlicha amalga oshirilmasa, shuncha mehnat va sa`y-harakatimiz natijasi sezilmay qolaveradi, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Shuning uchun vazirlik va idoralar hamda hokimliklar ishini oqilona va samarali yo`lga qo`yish hukumatning bosh vazifasi bo`lishi lozim. Endi har bir topshiriqning ijro etilgani qog`ozga qarab emas, erishilgan pirovard natijaga qarab baholanadi.

Har bir ijro organi o`zi mas`ul bo`lgan sohani o`rta va uzoq istiqbolda rivojlantirish bo`yicha aniq reja va dasturlarga ega bo`lishi zarurligi ko`rsatib o`tildi.

- Endi ish faoliyatini faqat ishxonasida o`tkazgan va qog`ozbozlikka berilib, amaliy natijani keyingi o`ringa tushirib qo`ygan rahbarlar bilan xayrlashamiz. Markazda o`tiravergan vazirlar xalqqa nima kerakligini qaerdan biladi? Tarmoq va hududlar rahbarlari ish uslubini o`zgartirib, mas`uliyat va javobgarlikni o`z zimmasiga olishni o`rganishi, o`z aravasini o`zi tortishi kerak. O`z vaqtida hal qilinmagan muammolar joylardagi aholi kayfiyati va turmush sharoitiga katta ta`sir ko`rsatishini bir soniya bo`lsa ham unutmasligimiz zarur, - dedi Prezident.

Davlat organlari faoliyati hamda amalga oshirilayotgan islohotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi ustuvor vazifaga aylanishi kerakligi belgilandi.

Qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o`rtasidagi o`zaro samarali hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, ijroiya organlari rahbarlarining Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligini yanada oshirish zarurligi ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1