Tailandda Osiyo chempionati-U23 bahslari davom etmoqda. Musobaqaning yarim final bahsida O`zbekiston Saudiyaga 0:1 hisobida yutqazdi. Bu haqda Tribuna.uz xabar berdi.
O`yinning 6-daqiqasida o`zbekistonlik futbolchilar yaxshi hujumni amalga oshirishdi. Hojiakbar Alijonov o`ng qanotdan Bobur Abduxoliqovning yo`nalishiga to`pni qulay tarzda uzatib berdi, ammo hujumchidan oldin to`pga darvozabon etib keldi. 12-daqiqada Bobur Abduxoliqov hisobni ochishi uchun juda qulay vaziyatga ega bo`ldi. G`anievning uzatmasidan so`ng darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borgan Bobur to`pni darvozabonning ustidan tashlab qo`yishda noaniq o`ynadi.
16-daqiqada Saudiyaning asosiy hujumchisi Abdulloh al Hamdan chap qanotdan oldinga borib xavfli zarba yo`lladi, ammo Abduvohid Ne`matov to`pni ushlab oldi. Bu hujum ortidan vakillarimizda yana bir qulay imkoniyat bo`ldi. Himoyachining xatosidan foydalangan Bobur Abduxoliqov to`pni olib qo`ydi va darvozabonni ham aldab bo`sh darvozaga gol ura olmadi. Buning ustiga hakam qo`pollik bo`lganini qayd etdi.
20-daqiqada Ilhom Alijonov chap qanotdan ajoyib yurishni amalga oshirdi va to`pni darvoza yaqiniga oshirdi, ammo hujumchilar to`pga ulgurishmadi. To`p maydonga chiqishiga esa Aziz G`aniev qarshilik qildi, u katta tezlikda borib to`pni to`xtatdi va hujumni davom ettirdi, lekin himoyachila xavfni bartaraf etishdi.
25-daqiqada endi o`ng qanotdan Hojiakbar Alijonov himoyachini aldab darvoza yaqiniga to`pni uzatdi, bu gal Oybek Bozorov va Sanjar Qodirqulovning urinishlari samarasiz bo`ldi. 28-daqiqada Ilhom Alijonov qanotdan darvoza tomon yaqinlashdi, lekin u zarba berishni ham to`p uzatishni ham bilmay qolib xato qildi.
48-daqiqada Jasur Yaxshiboev chap qanotda himoyachini chiroyli tarzda aldab jarima maydonchasiga kirib borayotganda boshqa himoyachi tomonidan to`xtatib qolindi. Hakam qoida buzilishi chiziqdan tashqarida bo`lganini qayd etdi. Belgilangan standartni Jasur Yaxshiboev to`g`ri darvozaga yo`lladi, ammo himoyachilar to`pni qaytarib qarshi hujumni boshlab berishdi. Darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borgan Abdurahmon G`arib to`pni tepaga terib yubordi.
54-daqiqada Bobur Abduxoliqov yana bir imkoniyatdan foydalana olmadi. «Nasaf» hujumchisi havodan kelayotgan to`pni ko`kragi bilan to`xtaib darvozabon bilan birga-bir chiqdi, ammo uning zarbasini raqib posboni qaytardi.
62-daqiqada Hojiakbar Alijonov qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirib to`pni darvoza yaqiniga uzatdi, lekin himoyachi to`pni qaytardi. 65-daqiqada saudiyaliklar hisobni ochish uchun juda qulay imkoniyatga ega bo`lishdi. Abdulla Abdullaevning xatosidan so`ng yuzaga kelgan hujum noaniq zarba bilan yakunlandi.
78-daqiqada Aziz G`aniev Sanjar Qodirqulovga qarshi qo`pollik uchun belgilangan jarima zarbasini to`g`ri darvozaga yo`lladi, ammo to`p jonli devorga tegdi. To`p tekka futbolchi esa maydonda yotib qoldi. 88-daqiqada hisob ochildi. Suadiyalik futbolchining zarbasi Nosir al Omronga tegib darvoza to`ridan joy oldi.
Endi O`zbekiston 3-o`rin uchun bahsda olimpiada yo`llanmasi uchun kurashadi.