Butunjahon boks tashkiloti (WBO) yanvar oyi uchun bokschilarning yangi reytingini e`lon qildi, deya xabar berdi GoSport.uz nashri.
Unga ko`ra, o`ta engil (-50,80 kg, 112 fut) vazn toifasida ringga chiqayotgan o`zbekistonlik Olimjon Nazarov (20-5, 11 KO) o`tgan oydagi ko`rsatkichidan yana ikki pog`ona yuqorilab 9-o`ringa joylashgan. Eslatib o`tamiz, Olimjon Nazarov avgust oyida filippinlik Ivan Sorianoni (20-3-1, 10 KO) ochkolar hisobida mag`lubiyatga uchratib, WBO Oriental (mintaqaviy) chempionlik kamari sohibi bo`lgan va shu orqali reytingdan joy olgandi.
Reytingda yarim o`rta (-66,68 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Qudratillo Abduqahhorov (17-0, 9 KO) bu safar o`tgan oydagi o`rnidan bir pog`ona pastlab, 9-o`rinni band etgan. Ayni vaqtda Qudratillo Abduqahhorov IBF reytingida birinchi, WBC reytingida esa beshinchi o`rinni egallab turibdi.
Super engil vazn (-63,5 kg) toifasida O`zbekiston sharafini himoya qilayotgan Shohjahon Ergashev (18-0, 16 KO) esa bu safar o`tgan oydagi reytingini saqlab qolgan holda, 13-o`rinda qolgan. Shohjahon Ergashev ayni vaqtda WBA reytingida ham, IBF reytingida ham bir xil — oltinchi o`rinda bormoqda.
Reytingdan o`zbekistonlik boshqa sportchilar joy olishmagan.