O`zbekiston Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bugungi kunda dolzarb bo`lib turgan koronavirus hamda gripp kasalliklariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tgani xakida xabar bergan edik. Unda Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassislari jurnalistlardan aholining xabardorligi va ogohligini oshirish bo`yicha hamkorlikka chaqirishdi.
XO`Sh, oxiri o`lim bilan tugaydigan va hali unga qarshi vaksina ishlab chiqilmagan koronavirus haqida nimalarni bilishimiz kerak?
Koronavirus infeksiyasi yuqishi natijasida odatdagi respirator kasalliklardagiday isitma, yo`tal, nafas olish qiyinlishishi, nafas qisishi kabi alomatlar paydo bo`ladi.
Hozirgi vaqtda Xitoyda paydo bo`lgan koronavirusning kasalligi bo`yicha ilk holat 2019 yilning dekabr oyida qayd etilgan va u kelib chiqishi noma`lum zotiljam (pnevmoniya) deb atalgandi. Shu kungacha deyarli bir oy ichida bu xastalikdan 17 ta bemor vafot etgani aytilmoqda.
Yangi virusning genetik kodini tahlil qilib ko`rgan Olimlarning ushbu kasallik virusi 2000 yillarda bir qator mamlakatlarda avj olgan va 774 inson hayotini olib ketgan Sars virusiga o`xshaydi degan xlosaga kelishdi.
Koronavirus – o`zi nima?
Bu ma`lum virus turi bo`lib, infisirlangan hujayralar sitoplazmasida ko`payadi. virus dastlab hayvonlardan yuqishi aytilgandi. Hozirda uning odamdan odamga ham yuqishi aniqlandi. Koronavirus infeksiyasi havo-tomchi, maishiy kontakt yo`li bilan yuqadi, deyilmoqda.
Xitoyning Uxan viloyatida vaqt etgan bemorda buyrak faoliyati buzilishi va boshqa ichki a`zolar zararlanishi kuzatilgan.
Jahonda 622 holat qayd etilgan bo`lsa, shularning 617 tasi Xitoyda, 2 tasi Tayvandda,AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreyada topilgan.
Alomatlari darrov sezilmaydi
AQShda qayd etilgan holatda 30 yoshli fuqaro Xitoydagi Uxan viloyatiga borib kelgan va bir necha kun o`zida alomatlarni his qilmagan. Uchta yirik aeroportda uni tekshirib ko`rishganda kasallik alomatlari hali bo`lmagan. Ammo Uxanda kasallik tarqalganini internetdan bilgach, shifokorlarga uni tekshirib qo`yishlarini so`rab murojaat qilgan. Hozirda amerikalikning ahvoli joyida.
Kasallikning yana bir nomi – virusli pnevmoniya
- Turg`un yuqori harorat;
- Umumiy holat yomonlashishi;
- Ishtaha yo`qolishi;
- Tez-tez nafas olish, nafas qisilishi;
- Holsizlik, archoq, faollikning pasayishi;
- Turli xususiyatli yo`tal.
Koronavirus yuqmasligi uchun nima qilish kerak?
Avvalo ogoh bo`lish kerak, kasallik o`limgacha olib boradigan yuqumli zotiljam rivojlanishiga olib keladi.
Virus hozirgacha kam o`rganilgan. Birinchi bo`lib kasallik Xitoydagi Uxan dengiz mahsulotlari va hayvonlarining ulgurji bozorida aniqlandi, hozirgi kunda esa kasallik nafaqat Xitoyning boshqa shaharlarida, balki boshqa mamlakatlarida ham kuzatilmoqda.
👉 Koronaviruslar — 38 turni o`z ichiga olgan viruslar oilasidir. Ulardan faqat oltitasigina odamga yuqishi mumkin edi, yangi kasallik virusi esa ettinchisiga aylandi.
👉 Tadqiqotchilarning fikriga ko`ra, virus hayvonlardan tarqalgan, endilikda esa odamdan odamga ham yuqmoqda. ⠀
Virus yuqtirish xavfini kamaytiramiz
✔️ qo`llarni sovunlab yuvish yoki spirt bilan artish;
✔️ yo`talganda yoki aksirganda og`iz va burunni yopish;
✔️ tumov yoki gripp alomatlari bor insonlar bilan himoyasiz yaqin aloqada bo`lmaslik;
✔️ isitma, yo`tal va nafas olish qiyinlashishi paydo bo`lishi bilan shifokorga murojaat qilish;
✔️ jonivorlar sotiladigan bozorlarga borilgan taqdirda, himoyalanmasdan turib hayvonlarni ushlash yoki hayvonlar tegishi mumkin bo`lgan joylarga tegishdan saqlanish;
✔️ ovqatni, ayniqsa go`sht mahsulotlarini yaxshilab pishirish.
O`z salomatligingizni o`zingiz asrang!
(Shu mavzudagi batafsil maqola "Darakchi" gazetasining 5-sonida e`lon qilinmoqda).
Manzura BEKJONOVA tayyorladi.