O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “O`zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonni imzoladi.
Hujjat bilan quyidagilar jismoniy tarbiya va sport tizimini isloh qilishning 2025 yilgacha asosiy yo`nalishlari etib belgilandi:
jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilot va muassasalarida shug`ullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish;
davlat sport ta`limi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan, oliy ma`lumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich 80 foizgacha etkazish;
joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof to`rt bosqichli – tashkilot-tuman (shahar)-hudud-respublika tizimini ishlab chiqish va joriy etish;
O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport maktablari o`quvchi-sportchilari o`rtasida “Bolalar sport o`yinlari”ni o`tkazish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash va yoshlar terma jamoalariga zaxira yaratish hamda oliy ta`lim muassasalari talabalari o`rtasida “Talabalar sport o`yinlari”ni tashkil etish natijasida talabalarni sport bilan muntazam shug`ullanishga jalb etish;
aholining keng qatlamlari, jumladan, umumta`lim maktabi o`quvchilari, professional va oliy ta`lim muassasalari o`quvchi va talabalari o`rtasida jismoniy tarbiyani ommalashtirish, ular orasida iqtidorlilarini aniqlash maqsadida “Umumta`lim maktab sporti” festivali, “Jismoniy tayyorgarligi rivojlangan muassasa” ko`rik-tanlovini bosqichma-bosqich (tuman/shahar, hudud, respublika) o`tkazish tizimini ishlab chiqish va jismoniy tayyorgarlik darajasi rivojlangan eng yaxshi umumta`lim maktabi, professional va oliy ta`lim muassasasi nominasiyasini joriy etish;
2020 yildan boshlab sport sohasida “Tashkent Marathon” xalqaro marafoni, “Save Aral” xalqaro ekomarafoni, avtoralli va motokross sport musobaqalarini tizimli o`tkazish orqali sport turizmini rivojlantirish;
aholining barcha qatlamlari o`rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlarini o`tkazishni joriy etish;
sport turlari bo`yicha terma jamoalar sportchilari uchun ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish, tayyorgarlik jarayoniga ilg`or innovasion texnologiyalarni joriy etish hamda sport sohasida samarali tibbiy va farmakologik ta`minotni yo`lga qo`yish;
sport turlari bo`yicha 18 yoshgacha bo`lgan hududiy terma jamoa a`zolarini hududiy bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarining o`smirlar bo`limlarida va undan katta yoshdagi hududiy terma jamoa a`zolarini tuman (shahar) ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalarida muntazam ravishda chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazib borish mexanizmini joriy etish;
2020 yil 1 fevraldan boshlab bosqichma-bosqich olimpiya sport turlari bo`yicha respublika sport musobaqalarida doping-test namunalarini olish tizimini joriy etish;
qishki Olimpiya sport turlari infratuzilmasini yaratish, ushbu sport turlarini ommaviylashtirish orqali professional sportchilarni tayyorlash tizimini yo`lga qo`yish;
O`zbekiston sport delegasiyalarini nufuzli sport musobaqalariga tizimli tayyorlash bo`yicha Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumanida Olimpiya tayyorgarlik markazini tashkil etish;
xorijlik sportchi va muxlislarni keng jalb qilish hamda sport infratuzilmasidan samarali foydalanish maqsadida “xospitaliti xizmatlari”ni yo`lga qo`yish, “Sport Visa” qo`shimcha (elektron bo`lmagan) kirish vizasini joriy etish;
sport sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish, shu jumladan, sport tashkilotlarida davlat ulushini kamaytirish bo`yicha zarur choralar belgilash;
sport lotereyalarini tashkil etish orqali sportni qo`shimcha moliyalashtirish tizimini kengaytirish;
huquqni muhofaza qilish organlari va Qurolli Kuchlar tizimidagi ta`lim muassasalari, jumladan, “Temurbeklar maktabi” o`quvchi-talabalari uchun “Armiya o`yinlari” dasturiga kiritilgan sport turlari bo`yicha fakultativ mashg`ulotlar va to`garaklar faoliyatini yo`lga qo`yish;
jismoniy tarbiya-sog`lomlashtirish, sport inshootlari va muassasalarining boshqaruv tizimiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish, jumladan, “Sport.uz” axborot tizimi orqali sport inshootlarining telekommunikasiya tarmoqlariga ulanishini ta`minlash;
• milliy sport turlarini rivojlantirish va ommaviyligini oshirish, ularni Osiyo va Olimpiya o`yinlari dasturlariga kiritish bo`yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.






