AsosiyJamiyat

Turin politexnika universiteti talabasi o`zbek, rus, ingliz tillarida globus ishlab chiqarishni yo`lga qo`ydi

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi bo`lgan Qibraylik Boburjon Zokirov “Goldenote” mas`uliyati cheklangan jamiyati tashkil etib, unda 20 turdagi o`quv- uslubiy anjomlar – har xil o`lchamdagi globuslar, geometrik figuralar, chizg`ichlar, osma xaritalar ishlab chiqarmoqda. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi.  

Korxona oyiga besh yuzdan ikki minggacha diametri 15, 25, 44 santimetrli globuslarni buyurtma asosida joylarga etkazib bermoqda. Ular o`zbek, rus, ingliz tillarida bo`lib, siyosiy-ma`muriy, tabiiy-geografik turlarga bo`linadi. O`zbek tilida lotin alifbosi asosida ishlab chiqarilayotgan globuslar import o`rnini bosib, ichki bozorni to`ldirmoqda. 

Bu erda yigirmata ish o`rni yaratilgan bo`lib, ilmiy jamoa ayni kunda takomillashtirilgan yangi modellar yaratish ustida izlanmoqda. Eng asosiysi, mahsulotlarning bir qismini eksportga yo`naltirish rejalashtirilgan. 

Mamlakatimizda tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash borasidagi e`tibor tufayli avvallari valyuta hisobiga xorijdan keltirilgan bunday mahsulotlarning aksariyati endilikda yurtimizda tayyorlanmoqda. Natijada narxlarni maqbullashtirish hamda sarf-xarajatlarni kamaytirishga erishilmoqda. Yuqori sifat va raqobatbardoshlik tadbirkorlarimiz faoliyatida muvaffaqiyat asosi bo`lmoqda. 

Yosh tadbirkor an`anaviy o`tkazib kelinayotgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus” ko`rik-tanlovining 2014 yilgi Toshkent viloyati bosqichida «Eng yaxshi oilaviy biznes», mamlakat bosqichida «Yosh faxriy qatnashchi» maxsus nominasiyasi g`olibi bo`lgan. «Yosh tadbirkor – yurtga madadkor», «Vatanim taraqqiyotiga mening hissam» kabi ko`rik-tanlovlarda ham munosib ishtirok etib, imtiyozli sarmoya olish huquqini qo`lga kiritgan. 

    Boshqa yangiliklar