AsosiyMadaniyat

Amersfort konslageridagi o`zbek asirlari qahramonligi haqidagi hujjatli film suratga olinmoqda

'Amersfort konslageridagi o`zbek asirlari qahramonligi haqidagi hujjatli film suratga olinmoqda'ning rasmi

Samarqandda Ikkinchi Jahon urushi davrida yuz bergan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi hujjatli kinoasarni suratga olish ishlari boshlandi.  

Mazkur film 1941 yilda Smolensk ostonasida asir tushgan va Gollandiyaning Amersfort konslageriga jo`natilgan 101 nafar o`zbek o`g`loni haqida hikoya qiladi. 

Yigitlarni nasistlarning g`oyaviy rahnamolaridan biri Gebbelsning shaxsiy topshirig`iga binoan, nemis askarlari “yovvoyi xalqlar” bilan qanday kurashayotgani haqidagi targ`ibot filmini suratga olish uchun tayyorlashadi. Gitlerning Sovet Ittifoqini yashin tezligida bosib olishga qaratilgan rejasi barbod bo`lgach, ushbu asar nemis askarlarining tushkun ruhini ko`tarishi, raqiblarning “qanchalik nochor va insoniylikdan yiroq” ekanligini ko`rsatishi lozim edi.  

Ana shu maqsadda nasistlar 101 nafar o`zbekistonlik asirni tanlab olishdi va ularga ma`lum vaqt mobaynida ovqat berishmadi. Nemislarning suratga olish guruhi etib kelganida, ochlikdan sillasi qurigan o`zbek asirlarining oldiga bir buxanka nonni irg`itishadi. Ularning nazarida asirlar bir burda non uchun bir-birini g`ajishga tayyor turishi kerak edi. Ammo, hammasi boshqacha tus oladi.  

O`zbek asirlari sharqona odatga ko`ra, nonni teng bo`laklarga taqsimlab,  bir-birlariga uzatishdi.  

Nemislar bunday g`azabga mindi. Asirlarni rosa tepkilashdi, keyin esa, otib tashlashdi. Shu tariqa Gebbelsning vahshiyona rejasi yo`qqa chiqdi.  

Suratga olinayotgan filmning asosiy g`oyasi ana shu tarixiy fakt yordamida o`zbek xalqining mardligi, tantiligi, bag`rikengligini ko`rsatishan iborat. Bu tarixiy voqeani gollandiyalik jurnalist Remko Reyding 20 yildan beri tadqiq qilib keladi. U ayni paytda O`zbekistonga tashrif buyuorib, insonparvarlik va qahramonlikni tasvirlovchi ushbu kinoasarni suratga olish  jarayonida ishtirok etmoqda.  

Amerfort lagerida halok bo`lgan 101nafar yigit frontga Samarqand viloyatidan borgani taxmin qilinmoqda. Shu bois, loyiha “O`zbekkino Milliy agentligi tomonidan gollandiyalik kinematograflar bilan hamkorlikda, Samarqand viloyatida hokimlikning moliyaviy ko`magida amalga oshirilmoqda.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidkenti Shavkat Mirziyoev  Oliy Majlisga yo`llagan murojaatnomasida mamlakatimizda o`zbek xalqining urush yillarida ko`rsatgan jasoratini abadiylashtirish borasida keng ko`lamli ishlar olib borilayotganini qayd etdi – deydi “O`zbekkino” Milliy agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov.  – Aminmanki, o`zbek va golland kino ustalari hamkorligida xalqimizning milliy ruhi, o`zbek asirlarining insoniyligi, qahramonona xatti-harakatlari yaqqol ochib beriladi”.

“Loyihaning bosh maqsadi urushning asl qahramonlari xotirasiga  munosib ehtirom ko`rsatishdan iborat, - deydi gollandiyalik jurnalist Remko Reyding. – Hamkorlikdagi  izlanishlarimiz natijasida ushbu botir jangchilarning nomlari tiklanishi  va ularning yaqinlari  topilishiga astoydil umid qilamiz”.

Boshqa yangiliklar