2014 yilning iyul oyida Chiroqchi tumanining "Qulburun" qishlog`idagi xonadonlardan birida ko`tarilgan janjal etti mahallaga eshitildi...
Shu qishloqda yashovchi Dilnoz Sarmonova (marhuma) turmush o`rtog`i bilan ajrashdi. Uning uyidan o`ziga tegishli narsalarni olish haqidagi sud qaroridan so`ng, shu kunning o`zidayoq onasi va ukasini olib, bu xonadonga keldi. Kelin uydagi o`ziga tegishli narsalarni birin-ketin mashinaga orta boshladi va mashinadan o`zi bilan olib kelgan arrani oldi-da, hovlidagi mevali daraxtlarni arralay boshladi. Shu choqqacha sukut saqlab turgan yon-atrofidagi "tomoshabinlar” ayoldan daraxtlarni kesmaslikni so`rashdi. Ayol esa bunga javoban daraxtlarni o`zi ekkanligini, shuning uchun kesib tashlashga haqqi borligini aytib, ishida davom etdi.
Bu payt Dilnozning onasi mol-mulk ilinjida xona ichini ko`zdan kechira boshlaydi. O`sha erda turgan 3-4 metrli suv shlangini olib ketmoqchi bo`ladi. Shu paytgacha jim turgan qaynota Elmurza Xollievning sabr-kosasi to`lib, undan shlangni tashlab ketishni so`raydi. Dilnoz onasi va qaynotasining janjalini eshitib, o`sha tomonga yuguradi. Shlangni qo`liga olib, "Buni otamning uyidan olib kelganman", deya qaynotasini haqoratlay boshlaydi. Qaynota el-yurt va mahalla-ko`y oldida o`zini sharmanda bo`lgandek his etadi. Jahl bilan devorga qadalgan pichoqni oladi-da, teskari o`girilgancha shlangni tortayotgan kelinining orqasiga sanchadi. Dilnoz kuchli og`riqdan shlangni qo`yib yuborib, tashqariga yuguradi va uyiga jo`nab ketadi.
Kechki payt hovliga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib, kelini Dilnoz Sarmonovaning vafot etganligini aytishganida, Elmurza Xolliev barcha aybni bo`yniga oldi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan Elmurza Xollievga nisbatan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda uz24.uz nashri “Huquq” gazetasi ma`lumotlari asosida xabar beradi.





