«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi – 2015» mavzusida ijtimoiy so`rov o`tkazdi. So`rov o`tkazishdan maqsad aholining yaqinlashib kelayotgan Prezident saylovi to`g`risidagi xabardorligi, o`z saylov huquqlari va «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi qonunni qay darajada bilishini aniqlashdan iborat bo`lgan, deb xabar beradi uz24.uz nashri.
Jamoatchilik so`rovida aholining turli ijtimoiy guruhlari – erkaklar va ayollar, yoshlar, pensionerlar, turli millat va din vakillari, shahar va qishloq aholisi ishtirok etdi.
Bo`lajak saylov haqida jamoatchilik fikrini o`rganish tadqiqotlari natijasi shundan dalolat beradiki, aholining asosiy qismi – 97,2 foizi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 2015 yil 29 mart kuni bo`lib o`tishidan xabardor.
So`rov natijalariga ko`ra, fuqarolarimizning aksariyati o`zining saylov huquqlari va «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi qonun haqida etarlicha ma`lumotga ega. Ishtirokchilarning 91 foizga yaqini O`zbekiston Prezidenti milliy qonunchiligimizga muvofiq besh yil muddatga saylanishidan xabardor ekanini ta`kidlagan. Bundan tashqari, ular mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha to`rt partiya – O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o`z nomzodini ko`rsatish huquqiga ega ekanini ham biladi.
So`rov fuqarolarimiz kayfiyati baland ekani, 29 mart kuni tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag`rikenglik, jamiyatda do`stlik va o`zaro hurmatni mustahkamlash muhitida bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga tayyor ekanini ko`rsatdi.