AsosiyMadaniyat

Kino arboblari Kinematografiya sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi va Kinematografiya to`g`risidagi Qonun loyihasini muhokama qilishdi

'Kino arboblari Kinematografiya sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi va Kinematografiya to`g`risidagi Qonun loyihasini muhokama qilishdi'ning rasmi

Toshkent shahrida “O`zbek kinosi: yaqin va istiqbolli vazifalar, rivojlanish tamoyillari” respublika kinoforumi o`tkazildi. Unda  o`zbek kinematografiyasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va “Kinematografiya to`g`risida”gi Qonun bo`yicha taklif va mulohazalar atroflicha muhokama qilindi. Bundan tashqari tadbir ishtirokchilari sifatli milliy kinofilmlarni suratga olish bo`yicha ham o`z g`oyalarini taklif etdilar.  

Forumda muhokama etilgan mavzular O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoevning shu yil 24 yanvarda Oliy Majlisga qarata yo`llagan murojaatnomasidagi tashabbuslardan kelib chiqib belgilangan.  

Mamlakatimiz rahbari o`z murojaatida kinematografiya sohasida zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, yangi kinoteatrlarni barpo etish, yuqori sifatli badiiy kinoasarlar yaratish zarurligini aytdi.  

«Joriy yilda davlat buyurtmasi asosida kinematografiya mahsulotlarini ishlab chiqarish tizimi takomillashtiriladi.  Shu munosabat bilan 2030 yilgacha kinematografiyani rivojlantirish Konsepsiyasi hamda “Kinematografiya to`g`risida”gi Qonunni ishlab chiqish zarur”, – deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.  

Forum qatnashchilari – o`zbekistonlik rejissyorlar, prodyuserlar, davlat va xususiy kinostudiyalari vakillari hamda kinoaktyorlar bu borada o`z fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashdilar.  

“O`zbekkino” Milliy agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov forumda Prezidentning sohani yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslari milliy kinematografiya  rivojida muhim bosqich bo`lishini ta`kidladi.    

– Bu hujjatlar rahbarlar kabinetlarida emas, bevosita kinoindustriyasi bozori vakillari, ekspertlar, mutaxassislar, sohaga to`g`ridan-to`g`ri aloqador, uning nozik va o`ziga xos jihatlaridan boxabar bo`lgan insonlar ishtirokida ishlab chiqilishi kerak», – dedi Firdavs Abduxoliqov.

Kinochilar hayotidagi yana bir muhim yangilik – kino sanoatining har bir yo`nalishi bo`yicha jamoatchilik kengashlarini tuziladi.  

«Jamoatchilik kengashlari davlat va kino arboblari o`rtasidagi ilk ko`prik bo`ladi. Joriy yilda ushbu kengashlar bazasida turli uyushmalar tuzishni rejalashtiryapmiz. Ular ishchi-xodimlarning manfaatlarini davlat miqyosida himoya qiladi», – dedi jamoatchilik kengashi a`zosi, O`zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa`diev.  

Kinoforum qatnashchilari boshqa bir qator dolzarb masalalarni ham muhokama qilishdi.    

– Qonunchiligimizda «milliy film» maqomi mavjud emas. Yangi qonun loyihasiga biz ushbu atamani kiritishni taklif qilamiz. Bunday maqomga loyiq deb topilgan filmlar davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanadi, – dedi “O`zbekkino” Milliy agentligi axborot-kommunikasiya texnologiyalari bo`limi boshlig`i Baxodir Muhamedov.  

Forum ishtirokchilari nafaqat yurtimizda, balki jahon kinematografiyasida og`riqli muammo – mualliflik huquqi mavzusini ham ko`tarishdi.    

– Bizning kinematografchilarimiz oldida intellektual mulk va  mualliflik huquqini himoya qilish masalasi ham turibdi, – dedi rejissyor Jahongir Ahmedov. – Filmlar prokatga chiqib ulgurmasidan, qaroqchilar ularning nusxalarini bemalol bozorlarda sotishni boshlashadi. Internetda CamRip formatidagi  videolar paydo bo`ladi. Ularni kinotetrlardan kameralarga yozib olib tarqatishadi. Keyingi vaqtda bunday “ekranka”lar prokatning ilk kunidayoq paydo bo`lyapti. Shu munosabat bilan kinoteatrlarning mas`uliyatini oshirish zarur. Shuningdek kinozallarda optik yoki yozib oluvchi maxsus uskunalarni sotib olish masalasini ham hal qilish lozim. Bu masala yangi qonun loyihasida ham aks etishi kerak.  

Shuningdek forum qatnashchilari tomonidan kino sohasida professional kadrlar malakasini oshirish masalasi ham muhokama qilishdi.

Rejissyor Dilmurod Masaidov ta`kidlganidek, kinoshunoslik maktabini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratish, uning kadrlar tarkibini mustahkamlash zarur: «Biz tajribali operatorlar va rejissyorlarga ehtiyoj sezyapmiz. Yaxshi kino va kinobozorida rivojlanib kelayotgan raqobat bizdan  ekstra-klass toifasidagi professinallarni talab qilmoqda. Tan olish kerak, biz xorijiy kino ta`siriga tushib qolganmiz. O`zimiz nima qila olamiz? Oldimizda turgan asosiy masala mutaxassislarimizning malakasini oshirish, shu jumladan ularni Evropa, Rossiya, Hindiston kabi mamlakatlarga yuborib o`qitish, kelgusida kinematografiya institutini tashkil qilishdan iborat, –dedi u.

Forumda o`rtaga tashlangan masalalarni O`zbekistonda 2030 yilgacha kino sohasini rivojlantirish Konsepsiyasiga kiritish taklif qilindi. Dolzarb masalalar orasida kinoindustriya sohasi xodimlarini ijtimoiy himoya qilish, ularning professional malakasini oshirish, kino maktabi va prodyuserlar yo`qligi, kinoteatrlar barpo etish, kinoprokatchilar va telekanallarning asl kino mahsulotlarini to`liq hajmda, efir muharrirlari aralashuvisiz namoyish qilish bo`yicha mas`uliyatini oshirish kabi masalalar ham muhokama etildi.

Ishtirokchilar tomonidan mamlakat kino industriyasini rivojlantirishning boshqa masalalari borasida ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar