Qishloqda yurganimda shaharliklar, ayniqsa, ko`p qavatli uylarda yashaydiganlarga havasim kelardi. Issiq-sovuq suvlar, tabiiy gazdan tortib hamma narsa muhayyo qilingan sharoitda yashash qanchalik baxt ekanini o`zimcha tasavvur etgancha entikib ketardim. Shunday baxtga erishsam bormi!..
Niyatimga farishtalar omin degan ekan, yigirma yilcha burun bir shahardagi (uzr, nomini aytishga istihola qilaman) naq to`qqiz qavatli uyining eng tepasida 4 xonali koshona sohibiga aylanib qolsam, deng.
Ko`rmaganning ko`rgani qursin, deganlaridek, butun shahri azim ko`rinib turadigan uyimni hamqishloqlarimga ko`z-ko`z qilgim kelardi. Kichkina “Tashrifnoma” (“Vizitka”)ga uyim manziligacha yozib qo`ydim.
Mahallaga aralashib yurgan kezlarim Ostonaqul buva degan otaxon bilan tanishib qoldim. Otaxonning aytishicha, mahallada biri-biridan oqko`ngil, elparvar insonlar ko`p, biroq, bilib-bilmay isnod keltiradigan kimsalar ham kam emas ekan...
Bir gal oqsoqol saylovida Ostonaqul buvaning “nakazi”ni eshitib lol qoldim. Otaxon bo`lg`usi mahalla raisiga “Talabnoma”sini dangal aytgan:
– Qadrli mahalladoshlar! Faxrlansak arziydigan ishlarimiz ko`p. Biroq, mahallamiz sha`niga dog` bo`layotgan ba`zi qusurlarni ham dangal aytish va ularga barham berishimiz kerak. Men ularni “Qora ro`yxat”imga yozib yuribman. “Qora ro`yxat”dan maqsad – oqlik-poklik sari kurashdir! Bo`lg`usi oqsoqol shunaqa illatlarga qarshi murosasiz kurashsa, shaxsan men jon deb qo`llab-quvvatlardim!
Mahalla ahli Ostonaqul buvaning so`zlaridan chayqalib ketdi. Chol daftarini varaqlay boshlaganida nechundir ba`zilarning rangi gezardi. Daftarda nimalar yozilganidan ko`pchilik xabardorga o`xshaydi. Bir kishi turib ketmoqchi edi, Ostonaqul buva keskin ishorasi bilan o`tqazib qo`ydi. So`ng, “qora ro`yxat”ini hijjalab o`qiy boshladi:
– Birinchisi, hammaga tegishli gap: nonni uvol qilmang! Biz urushda qon kechgan, nonga zor bo`lib o`sgan, ochlikdan o`lganlarni o`z ko`zimiz bilan ko`rganmiz. Ana, axlat tashlaydigan joyda maxsus “Non quti”lar ham qo`yiladigan bo`ldi. Bu isrofgarchiliklar yaxshilikka olib kelmaydi...
Nonning uvoli haqida gap ketganda hammaning boshi xam tortib qoldi. Boshiga gulli ro`mol o`rab olgan bir onaxon hiq-hiq qilib yig`lashga tushdi. Ro`molining uchi bilan ko`zyoshlarini artgancha o`rnidan turib ketdi...
– Ikkinchisi, Soqivoy oshna, chiqindingizni yo`lakka qop-qop qilib taxlab qo`ymang. Ular orasida ko`rsichqonlar in qurishgacha boribdi...
Soqoli siyrak o`sgan Soqivoy chol bunga javoban jimgina bosh irg`ib qo`ya qoldi.
– Do`st-do`stga oyna, deganlaridek, xatolarni tan olganimiz yaxshi,– davom etdi chol.– Uchinchisi, Taisa Murtazina paqildoq degan portlovchi modda sotadi. Urushda ham bunchalik qulog`imiz qomatga kelmagandi... Bomba yo`lda qolib ketadi-ya... Quloqning pardasini yirtib, yurak o`ynog`i qip qo`yyapti-ku bu! Tinch yotgan musordan yuz marta battar asabni buzmayaptimi?!
Gap faqat Taisa opa haqida bo`lganida qo`shnilar hozir cholni jon-jon, deb qo`llab-quvvatlashardi. O`zlari haqida bundan battarroq gap chiqishini yaxshi bilganlar jimgina tilini tishlab o`tirishardi.
Taisa opa esa bunday payt o`zini eshitmaganga solib o`tiraveradi.
Chol “Qora ro`yxat”ini o`qishda davom etdi:
– To`rtinchisi, Mirto`ra Shoqosimov ikki o`g`lini armiyadan olib qolish uchun propiskadan o`chirtirgan...
Beshinchisi, Mahzuna voyaga etmagan bolalarga papiros sotadi.
Oltinchisi, Qo`zivoynikida talabalar noqonuniy ijarada turadi.
Ettinchisi, Maryam Inog`omova va Guli Sotivoldievalar antisanitariya holatida holva yasab, pullaydi…
Sakkizinchisi, Muborak Sa`dullaeva xonadoniga kiraverishdagi qo`shimcha devorini buzdirib tashlagan. Axir, birinchi qavatdagilar devorini buzsa, keyin... Xudo ko`rsatmasin, er salgina qimirlab ketsa, butun «dom» adoyi tamom bo`ladi-ku?!
To`qqizinchisi, Bunyod suratchi yosh bolalarga uyatsiz rasmlar tarqatmoqda.
O`ninchisi, Aqida ikkinchi eri bilan benikoh yashayapti...
O`n birinchisi, sobiq maktab direktori Hakimova bir paytlar anchagina yangi attestatlarni uyiga yashirib qo`yganidan boxabarman. Endi o`qimagan bolalarga ularni sotayotganini isbotlab beraman!
O`n ikkinchisi, Mansur montyorga kim pul bersa, tok hisoblagichini orqaga qaytarib beradi. O`tgan oyda sakkizta xonadonning schyotchigini nol qilib qo`yibdi...
O`n uchinchisi, Qo`zivoy sog` ko`zini kasal deb hujjat to`g`rilab, avtobusda tekin yuribdi.
O`n to`rtinchisi, Solivoy uch joyda ishlashini soliqchilardan yashirgan.
O`n beshinchisi, mahallamizda qalbaki «propiska» bilan yurgan etti kishini aniqladim. Ularning pasportiga muhr bosilgan, ammo, o`sha “Uy darftari”da qayd qilinmagan... (Choli tushmagur erinmasdan ularni nomma-nom oshkor qildi).
O`n oltinchisi, Mirshakar (mening qo`shnim!) kunda-kunora ichib kelib, sakkizinchi qavatga chiqqunicha tupurib, papirosini sasitib tashlaydi. Lift ishlaganda, achib-sasiganidan unga chiqqing kelmaydi, boshqa payt zinalarga oyoq qo`yib bo`lmaydi, buyam kamlik qilgandek, nafasing bo`g`ilib, o`lay deysan. Dunyoda shunchalik madaniyatsiz odam bormikin?.. Suf, senga-ey...
Bu gapdan Mirshakar qo`shnimiz tutoqib ketsa kerak, deb o`ylagan edim, yo`q, chivin chaqqanchalik ta`sir qilmadi. Qaytaga, “chirt” etkizib tupurgancha, burqsitib chekaverdi...
Chol ham “ma`ruza”sini davom ettirdi:
– O`n ettinchisi, Matqobil xonadonida yashirin sex tashkil qilgan.
O`n sakkizinchisi, Jannatxon uyida islovotxona ochganiga besh oydan oshdi. Qo`shnilar bilib bilmaslikka, ko`rib ko`rmaslika olib yurganiga kuyub ketayapman. Axir, nasog`i hammamizga tegmaydimi, yosh o`g`il-qizlarimizning ongini buzmaydimi bu sharmandalik?!
Aytib qo`yay, hamma faktlarim aniq tasdiqlanadi!..
Yuziga chaplagan bo`yoqlari xunukdan xunuk ko`rsatadigan Jannatxon degan ayol cholning gapini eshitmaganga olib, shartta o`rtadagi yo`lakka kirib ketdi...
Eh-he, choli tushmagur “qora ro`yxat”ini tegishli idoraga berib yuborsa, ko`pqavatli uyimiz huvillab qoladi-ku...
Hammasi biri-biridan battar jinoyat emasmi?!
Jaloliddin Rumiy: “Yo asling kabi ko`rin, yo ko`ringaning kabi bo`l”, deb yozgan ekan. Xo`sh, qarshimda o`tirgan qo`shnilarimning aslimi bu, yo ko`ringani?!
Chol hammasini ayovsiz oshkor etib tashladi.
Shu bilan majlis poyoniga etdi, deb noto`g`ri o`ylagan ekanman. “Qora ro`yxat”da o`zim ham borligimni bilib, hayron qoldim. Bo`lishi mumkin emas. Axir, men hech kimning mushugini “pisht” demayman-ku...
– Yangi qo`shnimizning davlatga keltirayotgan zararini cho`tga tashlasak, hammanikidan oshib tusharkan,– dedi chol kekirdagini cho`zib.– Mehmondo`st bo`lish yaxshi, biroq, evi bilan-da. Me`yor degan narsa bo`lishi kerak-ku, axir. Bo`riboyning (ya`ni, kaminaning) uyiga o`tgan oyda kam emas – o`ttizdan ortiq mehmon kelgan. Bular hali men ko`rganlarim! Ko`rmay qolganlarim-chi? Qancha issiq suv, ichimlik suvi, gaz behudaga sarflanyapti?! Uyida propiskada bo`lgan uch kishi uchun pul to`lansa-da, o`ttiztalab odamga suv, gaz va boshqa narsalar isrof bo`laverishini qandoq izohlash mumkin?
Cholning so`nggi so`zlari uchun isbot talab qilishimga hojat yo`q edi!..
U, gapim tamom, degandek daftarini yopdi.
Yo, alhazar! Aybim hammanikidan ziyodaga o`xshaydi-ya?! Nahot, shunchalik zararkunanda bo`lsam?! Shu tobda o`zimdan nafratlanib ketdim…
Bir alfozda uyga chiqsam, kecha mehmonga kelishgan sobiq sinfdoshlar bamaylixotir o`tirishibdi. Biri dushga tushayotgan ekan (ichkarida suvning shaloplagan tovushidan yuragim bir qalqib tushdi), ikkinchisi sochiqni elkasiga tashlagancha navbat kutyapti. Boshqalari balkonda papiros tutatib, xumoridan chiqishyapti…
Jimgina oshxonaga o`tdim. Gazning to`rtta «ko`zi»da ham olov porillab turibdi. Birining ustida qozon, ikkinchisida choynak. Qolganlari ermakka yoqib qo`yilganga o`xshaydi. Ularni shartta o`chirib qo`ydim. Negadir ikkala jo`mrakdan ham suv oqizib qo`yilgan. Sababini so`rasam, xotinim muncha maydakash bo`lmasangiz, degandek g`alati qarash qildi-da, sekin ming`irladi: «quvurlarni tozalash uchun atay shunday qildik…»
Ko`z oldim tundlashib, Ostonaqul buvaning ko`lkasi paydo bo`ldi. U go`yo: «Noinsof!» deyayotganga o`xshardi. Nima balo, tush ko`ryapmanmi yo aqldan ozyapman?!
Ijodxonamga kirgach, katta ko`zguga boqdim. Har kuni ishga ketishdan avval bo`yinbog`imni taqayotib, o`zimga bag`oyat bama`ni, salobatli kishidek ko`rinardim. Hozir esa, qandaydir pandavaqiga o`xshardim…
“Bu mahalladan tinchgina ko`chib ketaman. Boshqa uyda hayotni yangidan boshlayman...
Shundan buyon to`rt marta uyni almashtirdim. Shahrimizdagi eng chiroyli ko`p qavatli uylarda yashadim. Hamma mahallada o`sha “Qora ro`yxat”dagiga o`xshaganlar etarli ekan. Faqat, Ostonaqul buvadek haqiqatparvar cholni qaytib uchratmadim...
To`lqin EShBEK