Qashqadaryo viloyati Kitob tumani IIB Navbatchilik qismiga Yakkabog` tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, noma`lum shaxs uning «Damas» rusumli avtomashinasini g`ayriqonuniy ravishda tortib olib ketganliklarini ma`lum qilgan. Uning so`zlariga ko`ra, 17 fevral kuni u avtomashinasini «Toshkent-Termiz» yo`lining 44-kilometrida boshqarib ketayotgan vaqtda, u bilan birga kelayotgan yo`lovchi birdan avtomashinani to`xtattirib, undan haydovchini zo`rlik bilan tushirib yuborib, avtomashinani noma`lum tomonga haydab ketgan, deya xabar qiladi IIV rasmiy sayti.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchi qo`lga olindi. U Kitob tumani Tupchoq qishlog`ida yashovchi muqaddam sudlangan shaxs bo`lib chiqdi.
Ichki ishlar xodimlarining aniqlashicha, haydovchi o`zini yomon his qilgan paytda, hamrohi fursatdan foydalanib unga tinchlantiruvchi dori vositasini bergan. Ushbu xapdorilar uxlatuvchi xususiyatga ega bo`lgan dorilar bo`lib, g`araz niyatli kimsa shu tariqa haydovchini uxlatib, o`z yovuz maqsadini amalga oshirgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.





