Mustaqillik yillarida ta`sis etilgan davlat mukofotlari. Top-10:

Jamiyat 26.02.2015, 12:20
Mustaqillik yillarida ta`sis etilgan davlat mukofotlari. Top-10:

O`zbekiston Respublikasining «Davlat mukofotlari to`g`risida»gi Qonuniga muvofiq,  O`zbekiston Respublikasining fuqarolari mehnat va jangovar xizmatlari, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkin. Davlat mukofotlari bilan fuqarolar bilan bir qatorda ayrim hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy bo`linmalar ham mukofotlanishi mumkin.

Quyida ushbu davlat mukofotlari hamda stipendiyalarining 10 tasi bilan tanishtiramiz. 

1. “Amir Temur” ordeni

“Amir Temur” ordeni 1996 yil 26 aprel kuni  ta`sis etilgan. Mazkur  orden bilan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda xorijiy davlatlarning fuqarolari davlatchilikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, me`morchilikni, ilm-fan, adabiyot va san`atni, shu jumladan harbiy mahoratni rivojlantirishga qo`shgan ulkan hissalari uchun mukofotlanadi.

“Amir Temur” ordeni ko`krakning o`ng tomoniga «Mustaqillik» ordenidan keyin taqiladi.

Ordenning markazida ot mingan Amir Temurning qiyofasi kumush rangda tasvirlangan. Otliq ortidagi rangli emaldan ishlangan manzara moviy rangda. Otliq qiyofasini o`rab turgan aylananing yuqori qismida oq rangli emal manzarada «AMIR TEMUR» yozuvi bitilgan bo`lib, u yoqutrang emal bilan qoplangan. Ordenning qalinligi — 8 millimetr, og`irligi — 60,5 gramm.

2. “Sog`lom avlod uchun” ordeni

“Sog`lom avlod uchun” ordeni 1993 yil 7 may kuni ta`sis etilgan.  Mazkur orden bilan kishilar onalik va bolalikni muhofaza qilishdagi, sog`lom avlodni kamol toptirish uchun eng yaxshi moddiy sharoit va axloqiy muhitni ta`minlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi.

«Sog`lom avlod uchun» ordeni ikki darajadan iborat :

I darajali «Sog`lom avlod uchun» ordeni;

II darajali «Sog`lom avlod uchun» ordeni.

Mukofotlash, qoida tariqasida, avval II darajali, oradan kamida uch yil o`tganidan keyin I darajali orden bilan taqdirlash tarzida amalga oshiriladi.

I darajali «Sog`lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining qirq karrasi miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti oladi. II darajali «Sog`lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlangan shaxslar esa eng kam ish haqining yigirma besh karrasi miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti oladi.

I va II darajali «Sog`lom avlod uchun» ordeni ko`krakning chap tomonida taqiladi.

3. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni

«Buyuk xizmatlari uchun» ordeni 1996 yil 29 avgustda ta`sis etilgan. Mazkur orden bilan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda xorijiy davlatlarning fuqarolari fan va texnikani, iqtisodiyot va madaniyatni rivojlantirishdagi katta xizmatlari, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishga hamda O`zbekistonning xalqaro obro`sini oshirishga qaratilgan ichki va tashqi siyosatni amalga oshirish ishiga sezilarli hissa qo`shganligi uchun taqdirlanadi.

«Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining oltmish karrasi miqdorida bir marta beriladigan pul mukofoti yoki shu summaga teng esdalik sovg`asini oladi.

«Buyuk xizmatlari uchun» ordeni 1 mikron qalinlikdagi oltin qoplangan 925 darajali (probali) kumushdan tayyorlanadi. Orden markazida bitta umumiy markazga ega bo`lgan, diametrlari 36 va 24 millimetrli ikkita aylana joylashgan. Ichki aylanada ramziy tarzda tasvirlangan moviy rangdagi er kurrasi fonida O`zbekiston Respublikasi xaritasi tilla rangda tasvirlangan. Tashqi va ichki aylanalar o`rtasida, yuqori qismida oq emal fonida kumush rangdagi «BUYUK XIZMATLARI UCHUN» yozuvi joylashgan.

Ordenning qalinligi — 8 millimetr, og`irligi — 165 gramm.

4. «Shuhrat» medali

«Shuhrat» medali 1994 yil 5 mayda ta`sis etilgan.  Ushbu medal bilan respublika iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik hamda milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyot g`oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishida o`zining halol mehnati bilan katta yutuqlarga erishgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lmagan shaxslar mukofotlanadi.

«Shuhrat» medali bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining besh karrasi miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti oladi.

«Shuhrat» medali dastlab 0,5 mikron qalinlikda nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikda tilla qotishma qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi. Medal diametri 34 millimetrli doira shaklida. Medalning old tomonida ko`tarilib kelayotgan quyosh nurlari ichida O`zbekiston iqtisodiy qudratining ramzi bo`lgan manzara bo`rtma yo`sinda tasvirlangan.

5. “O`zbekiston Qaxramoni” unvoni

«O`zbekiston Qahramoni» unvoni 1994 yilda ta`sis etilgan.  U oliy darajadagi mukofot bo`lib, faqat bir marta beriladi.

«O`zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan shaxslarga «Oltin Yulduz» medali va unvon berilganligi to`g`risidagi hujjat topshiriladi.

6. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining  davlat stipendiyasi

Stipendiya respublikada iqtidorli yoshlar safini kengaytirish maqsadida 1993 yilda ta`sis etilgan. Stipendiyani so`nggi bosqich talablari, o`quv yili davomida a`lo baholarga o`qigan, shu bilan birga, tadqiqot faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan yoshlarga beriladi.

7. Beruniy, Ibn Sino, Navoiy va Ulug`bek nomidagi davlat stipendiyalari

Mazkur stipendiyalar ham 1993 yilda O`zbekiston Prezidenti qarori bilan ta`sis etilgan. Stipendiyalar 3-4 bosqich talabalariga mo`ljallangan bo`lib, a`lo baholarga o`qigan va ijodiy ishlarda faol yoshlarga beriladi. Beruniy stipendiyasi texnika, Ibn Sino stipendiyasi tibbiyot, Navoiy stipendiyasi ijtimoiy-gumanitar, Ulug`bek stipendiyasi esa tabiiy fanlar fakultetlari talabalari uchun mo`ljallangan.    

8. “Mustaqillik” ordeni

1994 yil 5 mayda ta`sis etilgan. “Mustaqillik» ordeni bilan O`zbekiston Respublikasining fuqarolari mustaqil huquqiy davlat barpo etish va uni mustahkamlashga, respublikada tinchlik va taraqqiyotni ta`minlashga qo`shgan ulkan hissalari uchun mukofotlanadi.

«Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining etmish besh karrasi miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti oladi.

«Mustaqillik» ordeni 1 mikron qalinlikda oltin qoplangan 925 darajali (probali) kumushdan tayyorlanadi. Ordenning markazida mustaqillik ramzi bo`lmish Humo qushi kumush rangda tasvirlangan.  Aylananing pastki qismida oq rangli emaldan ishlangan manzarada yoqutrang emal bilan qoplangan «MUSTAQILLIK» degan yozuv bor. Harflarning balandligi — 2,7 millimetr.

Ordenning qalinligi — 8 millimetr, og`irligi — 60,5 gramm.

9. “El-yurt hurmati” ordeni

Orden  1998 yil 28 avgustda ta`sis etilgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mamlakat mustaqilligini, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga, milliy ma`naviyatni, madaniyatni yuksaltirishga katta hissa qo`shgan, o`z mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchilikning izzat-hurmatiga sazovor bo`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadi.

«El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining ellik karrasi miqdorida bir yo`la pul mukofotini oladi.

«El-yurt hurmati» ordeni 1 mikron qalinlikdagi tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi.

Ordenning markazida, doirada qizil rangli yo`l bilan hoshiyalangan Registon arxitektura majmui tasvirlangan. Tasvir atrofi aylana bilan hoshiyalangan bo`lib, aylananing yuqori qismida, oq fonda «EL-YURT HURMATI» degan yozuv, aylananing pastki qismida yashil shaffof emal bilan qoplangan dafna novdasi joylashgan.

10. “Jasorat” medali

Medal 1994 yilda ta`sis etilgan. Mazkur medal bilan O`zbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari, Milliy xavfsizlik xizmatining va ichki ishlar organlarining xodimlari respublikaning milliy xavfsizligini ta`minlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda, harbiy burchni yoki xizmat burchini ado etish vaqtida ko`rsatgan mardlik va jasoratlari uchun mukofotlanadi.

Medal bilan tabiiy ofat, yong`in va boshqa favqulodda holatlar vaqtida jamoat tartibini saqlashda, odamlar hayotini, davlat va jamoat mulkini saqlab qolishda ko`rsatgan jasoratlari uchun mukofotlanishi mumkin.

Manba: uz24.uz

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1