1

IBRAT: Olapar...

Mutolaa 05.02.2020, 13:53
Teglar: Olapar..., IBRAT, Abdullo Avloniy, Xolmo`min YoDGOROV, Xontaxta, Umring g`animat, och nazari ibrat, ey ko`zim
IBRAT: Olapar...

Umring g`animat, och nazari ibrat, ey ko`zim! 

Abdullo Avloniy.

Gashtakdan kech qaytgan Qobilboy boshi lo`qillab og`rishidan uyg`onib ketdi. Ko`ngli aynib tashqariga chiqdi. Hovlining adog`idan qayt qilib qaytayotganida kuchugi Olaparning iniga ko`zi tushdi. Bunday paytlarda dumini likkillatib ortidan kelib turadigan kuchuk bu gal loaqal o`rnidan turib, quloq ham qoqib qo`ymaganiga hayron bo`ldi. So`ng, shu ovulda eng soq, ziyrak deb nomi chiqqan, ko`chada biron begona mushuk o`tsa, yarim soat tinmay akillaydigan Olaparning bir-ikki kundan beri uni o`chib, ko`rinmay qolganini esladi va “Qaerlarda sang`ib yuribsan? Qaytibsan-ku baribir...” degan bo`ldi ichida.

Dashnov oldidagi oftobadan suv quyib, qo`lbetini yuvdi. Eslashga urindi: kecha uyiga o`zi keldimi yo ulfatlardan kimdir tashlab qo`ydimi? Yo`q, eslolmadi. Xonaga kirib, sovib qolgan choyni choynak jo`mragidan simirdi-da, sal o`ziga kelganday bo`ldi.

Xontaxta yonida mung`ayibgina dasturxonga termulib o`tirgan onasiga tili zo`rg`a aylanib, “Yaxshimisiz...”, dedi. O`y-xayollari bilan bandmi, onasi bir qarab qo`ydi-yu, biron nima demadi. Chetga qarab chuqur nafas oldimi yo xo`rsindimi, bilmadi. Qobilboyning bilgani — onasining unga gapirgisi kelmagani, ko`rgani esa ozg`in elkalari bilinar-bilinmas ko`tarilib tushgani bo`ldi.

Qobilboy kalovlanib qoldi, ne qilarini bilmay yana hovliga chiqdi. Supa chetiga omonat o`tirdi: “Enam bilan qachon ochilib gaplashdim o`zi? Enamning kulganini oxirgi marta qachon ko`rgandim?”.

Esladi. Xayolida bundan bir yarim oycha burun onasining kenja nevarasi — O`g`iloyni erkalab, kulib turgan holati jonlandi. O`g`iloy va boshqa qizlari ko`z oldiga kelib, butun vujudi zirqirab ketdi, taniga titroq kirdi. Bo`g`ziga issiq bir nima kelib tiqildi. Katta, keng hovlida bir yutum havo yo`q, nafas olish mushkuldan-mushkul bo`ldi.

Shu alfozda o`tirganida pastakkina inidan chiqib kelib, qo`sh oyoqlarini cho`zib kerishayotgan Olaparni ko`rdi. Shu payt Olaparning ortidan talponglab chiqib kelgan ku chukchani ko`rib, Qobilboy hang-mang bo`lib qoldi. Axir, hafta burun bu kuchukchani yuqori qishloqda yashovchi bir tanishiga berib yubormaganmidi? Keyin Olapar kechasi bilan g`ingshib chiqqani va unga qarab unda-bunda kalta-kalta g`apshinib, norozilik bildirganday yurgani ham yodiga tushdi. Ilkis o`rnidan turib, kuchukchaning oldiga bordi. 

Onasining oyoqlari orasiga kirib, erkalanib o`ynayotgan kuchukchani qo`liga oldi, inja panjalarini paypaslab, sirtlonchasini silagan bo`ldi. So`ng, Olaparga hayron boqib, erga o`tirib qoldi. Qo`lida turgan, aynan Olaparning o`ziga o`xshash oq-qora, nimjongina jonivor haqiqatdan ham o`sha, tug`ilganidan beri qizlarining sevimli ovunchog`iga aylangan, qizlari onasi bilan ketgach esa doim ularni eslatib turgan, tanishiga o`z qo`li bilan berib yuborgan kuchukcha edi.

Bolasini xo`jasining qo`lida ko`rgan Olapar, o`sha bolasidan ajrab qolgan mash`um kunni esladimi, bir-ikki marta “vov-vov” deb qisqa-qisqa hurib, Qobilboyga ma`yus tikilib qoldi.

Qobilboy kuchukchaning boshini silay turib, Olaparga qaradi. Beixtiyor ovoz chiqarib: “Buni qanday topding? Qanday olib kelding, qoyil...”, dedi, Olapar esa, go`yo unga: “Kechiring xo`jayin, bolamsiz yashay olmadim, sizning so`zingizni ikki qilib bo`lsa-da, bolamni amallab topib, olib keldim”, - deganday bo`ldi. Ha-ha, unga xuddi shunday tuyuldi.

Qachondir, kimdandir eshitgani bor edi: “Itning bolasini o`rlatib, mushukning bolasini to`manlatib berib bo`lmas. Ko`zi ochiq bo`lsa, yulduz- ga qarab adashmay yo`l topadi, tug`ilgan joyiga qaytib keladi”...

Kuchukchani onasi yoniga qo`yib yuborib, o`tirgan joyida o`ylanib-mung`ayib qolgan xo`jayinining ahvolini anglaganday Olapar sekin o`rnidan turdi, unga yaqinroq keldi va ikki old oyog`iga boshini qo`yib, xayrixoh nigohini sohibining ko`ziga qadagancha yotib oldi. Vafodor kuchugining ko`ziga e`tibor bergan Qobilboy, uning: “Jon xo`jayin, ko`p siqilavermang, siz ham bolalaringizni va ularning onasini olib keling, hammasi yaxshi bo`ladi”, deyayotganini his qilganday bo`ldi. Qobilboyning yuzida mayin jilmayish zohir bo`lib, ichida “Xo`p, xo`p”, degan bo`ldi. Olapar xo`jasining qo`llarini yalay boshladi. Qobilboy uning boshini silab erkalab turib, xotini va qizlarini sog`inib, yuragi simillab, kuyishganini sezdi. Ularni ko`z oldiga keltirib, burni achishib, ko`zi yoshlandi va bolalarini olib kelishga azmu qaror qilib, o`rnidan dadil turdi.

Uyga kirib, kiyim-boshini almashtirgan bo`ldi. Onasi hali-hamon boya ko`rganida qanday bo`lsa, shu ko`yi o`tirar, o`y surib ko`zlarini bir nuqtaga tikkanicha qimirlamas edi.

Enajon, meni kechiring, ko`r ekanman. To`rt qiz tug`ding deb, keliningizni noo`rin xafa qildim. Qarang, Olapar kuchukchasini olib kelibdi. Men shu bir itcha bo`lmabman. Ruxsat bering, keliningiz va nabiralaringizni olib kelay, - dedi Qobilboy hiqillab.

Ona ko`zida jiqqa yosh bilan, qo`llari kaftini ochdi, rozilik ishorasi – astoydil duo qildi:

Jonim bolam, shuni aytolmay yurgan edim.

Xudoy jonimga shukr, O`zi ko`nglingga solibdi. Tezroq bor-da, olib kel bolalarimni. Boshqa eshikda shuncha sarg`aygani etar...

Qobilboy uchib chiqib ketdi.Onaning elkalari uzoq silkindi.

Jajji qizaloqlar ota-onasi etagida uyga kirib kelishlari bilan hovli quvonchga lim to`ldi. Oftob charaqlab, olam yorishib ketganday bo`ldi. Ular kelasola buvilari bag`riga o`zlarini otdilar. Buvijon jonday aziz qaqajonlari diydori va mehridan erib ketganday bo`ldi.

So`ng biri qo`yib, ikkinchisi Olaparni quchoqlab erkalashdi, kuchukcha esa qizlarning qo`lidan tushmay qoldi.

Ona ham, Olapar ham, hamma birday xursand edi.

Xolmo`min YoDGOROV 

Sharhlar

"Ibrat" filmi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi

20.10.2021, 07:30

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan "Kinomaniya" studiyasi tomonidan Jahongir Qosimov rejissyorligida suratga olingan "Ibrat" tarixiy-badiiy filmi Avstraliyada o`tkazilgan "Xalqaro musulmon kinosi" festivalida "Eng yaxshi to`liq metrajli...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1