1

“Kamolot” YoIH 2014-yil sarhisob — 2015-yil istiqbolli rejalariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi

Jamiyat 27.02.2015, 14:52
“Kamolot” YoIH 2014-yil sarhisob — 2015-yil istiqbolli rejalariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi

Kecha, 26 fevral kuni  “Yoshlar ijod saroyi”da “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan 2014-yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2015-yil istiqbolli rejalariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda “Kamolot” YoIH rasmiy sayti xabar beradi.

Unda Harakat Markaziy Kengashi, hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. V.Uspenkiy nomidagi musiqa akademik liseyining iqtidorli o`quvchilaridan tashkil topgan doirachilar guruhi anjuman ishtirokchilarini bayramona ruhda qarshi oldi.

Yig`ilishni Harakat raisi B.Ganiev ochib berdi va boshqarib bordi. “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar Dasturi”, “Sog`lom bola yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar va 2015-yilga mo`ljallangan istiqbolli rejalar haqida jurnalistlarga batafsil ma`lumot berdi.

Matbuot anjumanida Harakat loyihalari samaradorligining oshishida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 6-fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ning o`rni va ahamiyati alohida ta`kidlandi.

7 ta bo`lim, 67 banddan iborat Dasturni 30dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorlikda yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori, jamiyat manfaatlari yo`lida imkoni boricha to`la-to`kis ro`yobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratishga qaratilgantadbirlar amalga oshirildi.

Harakat mazkur Dasturning 24 ta bandida asosiy, 42 ta bandida hamkor sifatida, ijtimoiy sheriklik asosida tashkil etilgan har bir loyihaning qamrovi kengayishi va sifatini oshishiga xizmat qildi.

Harakat tizimlari tomonidan hisobot davrida jami 33,6 mingta (2013-yilda 28 mingta) tadbir tashkil etilib, 18,7 mln. (2013-yilda 11,4 mln.) nafardan ziyod yoshlar qamrab olindi.

Jumladan, yoshlarni ijtimoiy faolligi va huquqiy savodxonligini oshirish yo`nalishida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan 4 mingga yaqin uchrashuvlar tashkil etilib, unga 300 mingga yaqin yoshlar jalb etilgan. Shuningdek, yoshlarga oid qonunchilik yuzasidan boshlang`ich tashkilotlar faollari va etakchilar tomonidan 300 ga yaqin takliflar berilib, saylov qonunchiligini tushuntirish yuzasidan iqtidorli talabalardan iborat targ`ibot guruhlari faoliyati yo`lga qo`yildi.

Ma`naviy-ma`rifiy yo`nalishda Respublikamizning barcha hududlarida Yoshlar festivallari tashkil etilib, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda qadriyatlarimizni targ`ib etishga xizmat qiladigan yangi loyihalar amaliyotga samarali tatbiq etildi. “Kamolot kutubxonasi” loyihasi doirasida 45 turdagi 221 mingdan ortiq kitoblar chop etilib, Harakatning boshlang`ich tashkilotlarida “Kamolot” kutubxonalari faoliyati yo`lga qo`yildi.

Harakatning negizi bo`lgan boshlang`ich tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish yo`nalishida eng namunali boshlang`ich tashkilotlar va ularning etakchilarini rag`batlantirishga qaratilgan uch bosqichli o`quv-seminarlar va respublika Forumi tashkil etilib, ularga jami 13,5 mingga yaqin etakchilar jalb etildi.

Yoshlarning taklifi asosida, Harakat tizimlarida faoliyat yurituvchi rahbar va mas`ul xodimlarning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan vazifalarni tizimli tashkil etish” bo`yicha maxsus dastur asosida o`qitilishi tizimli yo`lga qo`yildi.

Yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo`llab-quvvatlash yo`nalishida amalga oshirilgan “Mening biznes g`oyam”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovlarida o`tgan yil davomida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ishtiroki 3,5 barobarga ortdi. Xususan, tanlov g`oliblariga 15,7 mlrd. so`m imtiyozli kredit olishga tavsiyanomalar berilib, 1 100ga yaqin yangi ish o`rinlari yaratildi.

Sport va o`sib kelayotgan avlodning jismoniy tarbiyasini rivojlantirish yo`nalishida sportning 12 turi bo`yicha tashkil etilgan loyihalarda 2,5 mln.dan ortiq yoshlar (shundan, 552 mingdan ortig`i qizlar) qatnashdi. 2014-yilda Harakatning ta`lim muassasalari, korxona va tashkilotlardagi boshlang`ich tashkilotlari o`rtasida sportning futbol, futzal, sharq yakkakurash turlari bo`yicha musobaqalar tashkil etildi.

Yoshlar siyosatiga oid Dasturga, asosan mamlakatimizning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta`minlashni yanada qo`llab-quvvatlash maqsadida 2015-yilning 1-yanvariga qadar 50ta yosh oilalarga “Kamolot” uylari topshirildi.

Matbuot anjumanida “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturi doirasida Harakat tomonidan respublikamizning barcha ta`lim muassasalarida 120 ming nafardan ortiq yoshlardan iborat 12 mingga yaqin “Nuroniylar e`zozimizda” yoshlar patronaj guruhlarini tashkil etish belgilangan. Mazkur guruhlar tomonidan hududlarda istiqomat qiluvchi 10 mingdan ziyod urush qatnashchilari va mehnat faxriylari, 30 mingga yaqin yolg`iz qariyalar va nogiron keksalar holidan muntazam ravishda xabar olinib, ularning kundalik yumushlariga ko`maklashiladi.

Shuningdek, matbuot anjumani doirasida Harakat faoliyati hamda yirik loyihalar lavhalari aks etgan “Kamolot bilan harakatdamiz” fotoko`rgazmasi, “Kamolot” kutubxonasi turkumi ostida chop etilayotgan kitoblar ko`rgazmasi tashkil etildi.

Anjuman yakunida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi tomonidan 10 nafar faol yosh oilalarga “Kamolot” uylarini olish huquqini beruvchi tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi. Harakat raisi jurnalistlar va “Kamolot” faollari tomonidan berilgan savollarga  atroflicha javob berdi.

Shuni ham ta`kidlab o`tish joizki, matbuot anjumani ishtirokchilariga harakatning bir yillik faoliyati aks etgan fotogalereya, infografika hamda yillik hisobot jamlangan disklar tarqatilgani ularning harakat faoliyati bilan yanada yaqinlashishiga zamin yaratdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1