AsosiySiyosat

Kamida 2 million iste`molchiga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o`rnatiladi — Prezident

'Kamida 2 million iste`molchiga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o`rnatiladi — Prezident'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 fevral kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar natijadorligi, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish bo`yicha joriy yilgi vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Yig`ilishda neft-gaz sohasida joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo`lgan dolzarb chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yaratilgan sharoitlarga qaramay, tizimli muammolar barham topmayotgani, boshqa tarmoqlar rivojiga ham salbiy ta`sir ko`rsatayotgani ta`kidlab o`tildi.

– Bir narsani hammamiz tushunib olishimiz lozim. Biz sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha o`tgan uch yilda ko`pgina chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etdik. Lekin natijalarni tahlil etadigan bo`lsak, hali neft-gaz, elektr energiyasining barqaror ta`minotida xalqimiz, tadbirkorlarimiz talabini to`la qanoatlantira olmayapmiz. Shuning uchun, har bir masalaga chuqur e`tibor qaratib, yangicha yondashuvlar asosida samarali ish tizimini tashkil etishimiz kerak. Agar bu vazifalarni o`z vaqtida amalga oshirmasak, iqtisodiyotimizda ko`zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz, - dedi davlatimiz rahbari.

Korxonalarni modernizasiya qilish ishlari etarli emasligi, gaz etkazib berishda yo`qotish ko`pligi hamda uzilishlarga yo`l qo`yilayotganligi ko`rsatib o`tildi.

Energetika vazirligiga joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg`i mahsulotlarini barqaror etkazib berish uchun tabiiy gaz qazib olishni 2019 yilgiga nisbatan 4 milliard kub metrdan ziyod ko`paytirish vazifasi qo`yildi. Ishlab chiqarish va iste`molchilarga etkazib berish oralig`idagi texnologik sarf va yo`qotishlarni kamaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Neft-gaz sohasini isloh qilish bo`yicha “loyiha ofisi”ga ilg`or xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilish, korxonalarda rahbar xodimlarning maoshini faoliyat samaradorligini baholash ko`rsatkichlariga (KPI) bog`lash zarurligi ta`kidlandi. Sohadagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha “komplaens nazorat” tizimi joriy etilishi belgilandi.

“O`zbekneftgaz” kompaniyasiga har bir konning holatini tanqidiy tahlil qilib, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo`yildi.

Aholining suyultirilgan gazga bo`lgan ehtiyojini qondirish maqsadida propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasini barpo etish va modernizasiya qilish bo`yicha 3 ta loyihani yakunlash lozimligi qayd etildi. 

Sho`rtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilg`i (GTL) ishlab chiqarish zavodi qurilishining borishi ko`rib chiqildi. Soha korxonalarida “raqamli kon”, xo`jalik boshqaruvi va resurslarning avtomatlashtirilgan hisobini yuritish dasturlarini (ERP) joriy etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

“O`ztransgaz” va “Hududgazta`minot” aksiyadorlik jamiyatlariga joriy yil iyul oyiga qadar 2,5 mingta yirik iste`molchini tabiiy gaz hisobini yuritishning onlayn tizimiga ulash vazifasi yuklatildi. Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida kamida 2 million iste`molchiga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o`rnatish zarurligi qayd etildi.

 Yig`ilishda muhokama qilingan chora-tadbirlarni jadallashtirish bo`yicha mas`ullar belgilandi.

 

    Boshqa yangiliklar