2020 yilning 6-10 fevral kunlari O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o`rinbosari M.Istamov boshchiligidagi delegasiya a`zolari Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisiga bo`lib o`tayotgani navbatdan tashqari saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar maqomida ishtirok etishdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi MSK Matbuot xizmati xabar berdi.
Milliy Mejlis bir mandatli saylov okruglaridan iborat 125 ta deputat (bitta okrug-bitta deputat)dan tashkil topib, 5 yillik muddatga saylanuvchi majoritar saylov tizimiga asoslangan parlamentdir.
Saylovlarni uyushqoqlik bilan o`tkazish uchun 5 573 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Shundan 1 000 tasida real vaqt rejimida jarayonni uzatib boruvchi veb-kameralar o`rnatilgan bo`lib, internet orqali mazkur amaliyotni kuzatish mumkin bo`ldi.
Navbatdan tashqari saylovlarda ishtirok etish maqsadida 1314 nafar nomzod ro`yxatga olingan bo`lib, bu 2015 yilda o`tkazilgan parlament saylovlariga nisbatan qariiyb ikki barobar ko`p ko`rsatkich hisoblanadi. Shulardan 246 nafar nomzod siyosiy partiyalar tomonidani ilgari surilgan bo`lsa, 11 nafari fuqarolar tashabbuskor guruhlari vakillarini, 1057 nafari esa mustaqil nomzodlarni tashkil etdi.
Mamlakatda 55 ta siyosiy partiya faoliyat yuritayotgan bo`lib, ulardan 19 tasi 272 nafar nomzod ko`rsatishgan. Nomzodlarning aksari qismini amalda boshqaruvda bo`lgan “Yeni Ozarbayjon” (122) partiyasi shu bilan birga, muholifatdagi “Musavat” (25) hamda “Umid” (21) partiyalari ko`rsatishgan.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining kuzatuvchilar missiyasining ta`kidlashicha, deputatlik mandatiga nisbatan nomzodlar sonining ko`pligi mamlakatda siyosiy hilma-hillik mavjudligi va saylovchilar uchun haqiqiy tanlov imkoniyati mavjudligidan dalolatdir.
Ozarbayjon Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi navbatdan tashqari parlament saylovlarini e`lon qilganidan e`tiboran, o`tgan qisqa vaqt ichida yuksak tashkiliy va keng miqyosdagi tayyorgarlik ishlarini amalga oshirgani e`tiborga molik.
Delegasiya a`zolari Shomaxan va Shirvon tumanlari hamda Boku shahrida tashkil etilgan saylov uchastkalariga tashrif buyurishdi.
O`zbekiston delegasiyasining kuzatishlari shuni ko`rsatdiki, Ozarbayjon Respublikasi parlamentiga bo`lib o`tgan navbatdan tashqari saylov jarayonlari shaffof, ochiq, tinch muhitda va saylov bo`yicha umume`tirof qilingan xalqaro standartlarga hamda milliy qonunchilikka muvofiq tashkil qilingan. Kuzatuv davomida saylov bo`yicha qonunchilikka hilof bo`lgan biron nojo`ya hatti-harakat qayd etilmadi.