So`nggi 3 yilda, qurilish sohasining o`zida ro`y bergan baxtsiz hodisalar oqibatida 119 kishi vafot etgan, 117 kishi jarohatlangan. Bu ma`lumotlar kecha, O`zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanida e`lon qilindi...
Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan ham kelgan vakillar ishtirok etdi. Mutahassislar qurilish sohasidagi baxtsiz hodisalar, ularda jabrlanganlar va jarohatlanganlarga tovon puli to`lash tartibi qanday bo`lishi haqida savollarga batafsil javob berdi.
Nozima Sulaymonova, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mehnatni muhofaza qilish bo`yicha davlat inspektori:
— Har bir tashkilotlarimiz, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urtalash qilingan bo`lsa, (to`lovlar) sug`urta kompaniyalari orqali amalga oshiriladi. Lekin, sug`urta qilinmagan bo`lsa, ko`p holatlarda qurilish-pudrat tashkilotlari bu sug`urtani amalga oshirmagan. Ish beruvchi, korxona mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi. Baxtsiz hodisani tekshirish bo`yicha komissiya tuziladi. 15 kun ichida baxtsiz hodisa sabablari tekshiriladi. Hujjatlar rasmiylashtirilib, har bir jarohat olgan yoki jabr ko`rgan oilaga komissiya a`zolari tashrif buyurib, qonunchilik bo`yicha imkoniyatlari va huquqlarini tushuntirishi shart. Barcha hujjatlar rasmiylashtirilgach, uzog`i bilan 1 oy muddatda barcha to`lovlar amalga oshirilishi kerak.
Agar, xodim baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan bo`lsa, bir martalik 6 yillik o`rtacha ish haqi to`lab berilishi kerak. Qaramog`ida farzandlari bo`lsa, marhumning o`rtacha oylik maoshi ularning soniga bo`linadi hamda har bir farzandi 18 yoshga kirguncha to`lab boriladi. Baxtsiz hodisa oqibatida jarohat olgan bo`lsa, bir martalik to`lov bir yillik o`rtacha ish haqini tashkil etishi darkor. Bundan tashqari, mehnat qobiliyatini to`la tiklagunga qadar, to`lovlar foizlarda amalga oshiriladi. Ya`ni, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik darajasi foizlarda TMEK tomonidan aniqlanadi. 30 yoki 40 foiz bo`lsa, o`rtacha maoshining shuncha miqdori sog`lig`i tiklangungacha yoki umrbod to`lab boriladi.
Har bir jarohat olgan yoki vafot etgan xodimlar bevosita nazorat olib boriladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Pensiya jamg`armasi, mabodo korxona tugatilsa, to`lovlar davlat zimmasiga tushadi va moliyalashtiriladi.
Qurilish tashkiloti bo`ladimi, boshqa korxona bo`ladimi, agar ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urtalamagan bo`lsa, turgan gap, baxtsiz hodisani yashirishga urinadi. Ming afsuski, biz bu bilan kurashmoqdamiz, ammo uning samarasi sal pastroq. Buning uchun mehnatni muhofaza qilish sohasini ham raqamlashtirishimiz kerak va odamlar bu sohada qanday ishlar amalga oshirilayotganini bilishi lozim. Ish beruvchilarimizga, avvalboshdanoq, sug`urta qilishsa, ularga arzonroq tushishini etkazib berishimiz kerak.
Bugungi kunda biz, baxtsiz hodsa sodir bo`lgach, uning oqibati bilan kurashishni boshlaymiz. Lekin, bizning taklifimiz, butun jahonda tatbiq qilingan amaliyot, ya`ni har bir xavf-xatar, baxtsiz hodisa ehtimollarini baholagan holda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy qilishdir.