AsosiyDunyo

Amsterdamda to`rtta pochta jo`natmasi portlab ketdi

'Amsterdamda to`rtta pochta jo`natmasi portlab ketdi'ning rasmi

Niderlandiya poytaxti Amsterdamda ichida portlovchi vosita bo`lgan jo`natmalar portladi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

Qayd qilinishicha, portlash natijasida pochta bo`linmasida bir kishi jabrlangan. Ayni paytda hodisa joyida tez yordam xizmati va polisiya xodimlari faoliyat olib boryapti. 

13 fevral, payshanba kuni xuddi shunday, ichida portlovchi jihoz bo`lgan konvert Niderlandiyaning Lyosden shahrida, 12 fevral kuni esa Kerkrad va Amsterdamdagi pochta bo`linmalarida qabul qilingan va portlab ketgan edi. 

Polisiyaning ta`kidlashicha, portlovchi jihozlar inson o`limiga sabab bo`lmaydi, ammo jiddiy shikastlanishga sabab bo`lishi mumkin. Tergovchilarning fikricha, bu harakatlar ortida bir yoki bir nechta kishi turibdi. Ammo haligacha bu ishni qilgan aniq bir gumondor topilmagan. 

Shu kabi shubhali jo`natmalar to`lqini 2019 yil yanvarida Avstraliyada kuzatilgandi. O`shanda Melburndagi turli davlatlarning elchixona va konsullik xizmatlariga 10 ta shubhali jo`natma yuborilgan, oqibatda diplomatik vakolatxona xodimlari zudlik bilan binolardan olib chiqilgan. 

Germaniya, Italiya, Hindiston, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Shvesiya va Janubiy Koreya diplomatik idoralariga kelgan jo`natmalar ustiga “Ochishdan oldin niqobni taqing”, deb yozilgan bo`lgan. Ammo polisiya bu jo`natmalarni tekshirganida jiddiy biron narsa topa olmagan, elchixona va konsulxona xodimlari ikki soatdan keyin ish joylariga qaytgan. 

O`shanda ham bu jo`natmalarni kim va nima maqsadda yuborganini aniqlash imkoni bo`lmagan. 

Boshqa yangiliklar