Yarashuv instituti jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning bir turi sifatida shaxsning aybdorlik masalasini hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asos bo`ladi.O`zbekiston Respublikasi JKning 661-moddasida ko`rsatilgan ellikdan oshiq jinoyat tarkibi yuzasidan 45 ta moddada nazarda tutilgan jinoyatlar sodir etgan shaxs, agar u o`z aybiga iqror bo`lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va etkazilgan zararni bartaraf etsa, yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin...
Xalqimizning tarixiy an`analariga mos tushadigan yarashuv instituti ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyat sodir etgan va qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon bo`lib, jabrlanuvchi bilan yarashgan hamda etkazilgan ziyonni qoplagan fuqarolar jinoiy jazodan ozod etiladigan bo`ldi. Juda ko`p fuqarolarimiz jinoiy jazolarning liberallashtirilishi nechog`li insonparvar ekanini o`z hayotlarida anglab etdilar. Eng asosiysi, sudlanuvchi yarashuv orqali «sudlangan», degan tamg`adan xalos bo`ladi. Shuningdek, dastlabki tergov ishlarini olib borish va ishni sudda ko`rib chiqish uchun sarflanadigan muddatlar ancha qisqaradi.
Shu o`rinda sud amaliyotidan misol keltirsak: Norin tumanida yashovchi O.Abdulaxatov 2019 yil 20 oktyabr kuni soat 13:30larda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat tartibini buzib, jamoat joyi hisoblangan Norin tumani,O`zbekiston MFY hududida joylashgan “Nuroniy bog`i”da havaskorlar shaxmat o`yini tashkil qilgan A.Irisovni hech bir sababsiz yuziga qo`llari bilan urib, tan jarohati etkazib, bezorilik qilgan. Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, u engil tan jarohati olgan. Sud majlisida jabrlanuvchi va gumonlanuvchi o`zaro yarashganligi haqidagi ariza bilan murojaat etib, gumonlanuvchiga nisbatan hech qanday da`vosi yo`qligi, yarashuv ixtiyoriy ravishda bo`lganligini ko`rsatib o`tdi. Sud jabrlanuvchining yarashganligi haqidagi arizasini qanoatlantirib, O.Abdulaxatovga oid jinoyat ishini taraflar yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatdi.
Sudlar tomonidan yarashuv institutining samarali qo`llanilayotgani inson huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlari ustuvor qadriyat sifatida e`zozlanayotganining yaqqol tasdig`idir.
Jasurbek Qurbonov, Jinoyat ishlari bo`yicha Norin tuman sudining raisi