AsosiyJamiyat

Italiya to‘plamlaridagi O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari Toshkentda namoyish etiladi

O‘zbekistondagi islohotlar ortidan ushbu yodgorliklar ilk bor Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etiladi.

'Italiya to‘plamlaridagi O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari Toshkentda namoyish etiladi'ning rasmi

Italiya muzeylari vakillari va kolleksionerlari O‘zbekiston madaniy merosini ommalashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab, Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan xalqaro ko‘rgazma o‘tkazish tashabbusiga ijobiy munosabat bildirdi.

Asrlar davomida O‘zbekiston madaniy merosiga oid namunalar dunyo bo‘ylab tarqalib, eng yirik muzey va shaxsiy kolleksiyalarning durdonalariga aylandi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi  islohotlar ortidan ushbu yodgorliklar ilk bor Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etiladi.

"Ta’kidlash joizki, Toshkentda namoyish etiladigan Italiya ko‘rgazmalarida o‘zbek artefaktlari to‘plamlari "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" multimedia loyihasining 35-jildida nashr etilgan. Sakkiz yildan buyon davlat va ijtimoiy biznes sektori ko‘magida xorijda saqlanayotgan o‘zbek yodgorliklari haqida kitob-albomlar nashr etib kelinmoqda. Bugungi kunda bu kitob-albomlar 80 jildga yetdi. Italiya kutubxonalari, muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekiston artefaktlari kitob-albomida Abu Ali ibn Sinoning ibroniy tiliga tarjima qilingan noyob qo‘lyozmasi saqlanayotgan Bolonya universiteti kutubxonasi, Juzeppe Tuchchi nomidagi Rim milliy Sharq san’ati muzeyi, Turin Osiyo san’ati muzeyi, Stibbert muzeyi, Milandagi Mudec madaniyat muzeyi, Komoda joylashgan Antonio Ratti jamg‘armasi va to‘qimachilik muzeyi, Milan kolleksionerlari Alberto va Anna Levilarning shaxsiy kolleksiyasi kabi madaniyat muassasalari haqida ma’lumot berilgan," — deydi loyihaning ilmiy koordinatori Elmira Gul.

Toshkentda namoyish etiladigan eksponatlar orasida epigrafik yozuvlarga ega mashhur Afrosiyob kulolchilik buyumlari, xususiy kolleksiyalardan Xuroson va Movarounnahrning noyob o‘rta asr metall buyumlari, shu jumladan, Qoraxoniy hukmdorlarining afsonaviy kosasi, shuningdek, XIX-XX asr boshlaridagi o‘zbek to‘qimachiligining ajoyib asarlari o‘rin olgan bo‘lib, ular o‘zining nafisligi va betakrorligi bilan hayratga soladi.

Turindagi Osiyo san’ati muzeyi direktori David Kvadrio ko‘rgazmadagi ishtiroki haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

"Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz va ushbu markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘rgazmada ishtirok etishdan juda mamnunmiz. Ishonchim komilki, muzeyimizdagi eksponatlar ekspozitsiyaning ajoyib bezagi bo‘ladi."

Toshkentdagi ko‘rgazmada ko‘rish mumkin bo‘lgan boshqa yodgorliklar orasida Aron Collection islom san’ati xususiy to‘plamidagi noyob metall namunalari ham mavjud. Aron jamg‘armasi vakili Veronika Prestini xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida shunday dedi:

"O‘zbekiston kabi  boy va uzoq tarixga egamamlakat bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf. Bizning to‘plamimiz Xuroson va Movarounnahrning o‘rta asrlarga oid nodir buyumlaridan iborat. To‘plamdagi durdonalardan biri - Qoraxoniy hukmdorlarining o‘ymakorlik ishlari bilan bezatilgan kosasi. Shuningdek, Somoniylar davri sopol buyumlari namunalari ham mavjud. 2023 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning  VII kongressida ishtirok etdim va o‘shanda Turindagi Sharq san’ati muzeyida namoyish etilayotgan ushbu buyumlarning ayrim fotosuratlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Kongressda ishtirok etish olimlik faoliyatim va ilmiy ishlarim uchun katta tajriba to‘plash imkonini berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamkorlikka, jumladan, ilm-fan va ma’rifat sohasiga naqadar katta e’tibor qaratayotganiga guvoh bo‘ldim. Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan ushbu durdonalarni O‘zbekistonga olib kelib, Markaz ochilishi sharafiga tashkil etiladigan ko‘rgazmada namoyish etishdan mamnun bo‘lamiz. Bunday ko‘rgazma g‘oyasining o‘zi menda iliq taassurot uyg‘otdi."

O‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining noyob to‘plamiga ega bo‘lgan Antonio Ratti jamg‘armasi ham mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Uning vakili Maddalena Terragni quyidagicha fikrlarni aytdi:

"Ushbu ko‘rgazma o‘zbek ipak matosining ulug‘vorligi, naqshinkorligi, ranglari, nafisligini dunyoga namoyish etish uchun ajoyib imkoniyatdir. To‘plamdagi san’at asarlari ekspozitsiyasini ularning tarixiy vatanida tashkil etish biz uchun katta sharaf."

Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan ko‘rgazma nafaqat mamlakat ilmiy merosining betakrorligini ochib beradi, balki ilm-fan, san’at va muzey ishi sohasidagi hamkorlik uchun yangi ufqlarni ham ochadi.

"Italiyadagi hamkasblarimiz va do‘stlarimizga bunday muhim tadbirda ishtirok etish qarorlari uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz. Shu paytgacha O‘zbekiston madaniy merosi haqidagi ma’lumotlarni rasmli kitob-albom shaklida nashr etib kelgan bo‘lsak, endilikda ilk bor hurmatli Prezidentimiz tashabbusi va xorijlik hamkasblarimizning qo‘llab-quvvatlovi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazidagi ko‘rgazmada ushbu namunalarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Ishonchim komilki, ekspozitsiyaning Italiya qismi mamlakatimiz madaniy merosini qadrlaydigan barchaning e’tiborini tortadi," — dedi Markaz direktori, O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov.

Islom sivilizatsiyasi markazidagi ko‘rgazma o‘tmish va kelajakni birlashtiruvchi noyob madaniy makon hisoblanadi. Ushbu osori-atiqalar uzoq yillardan so‘ng ilk bor o‘z tarixiy vatanida bo‘lib, o‘tmish va kelajakni yagona madaniyat va san’at makonida birlashtiradi.

    Boshqa yangiliklar