AsosiyJamiyat

O`zbekiston “dunyoni qoramollarni o`lat kasalligidan qutqargan mamlakat” maqomini oldi

'O`zbekiston “dunyoni qoramollarni o`lat kasalligidan qutqargan mamlakat” maqomini oldi'ning rasmi

Asrlar davomida qoramollar o`lati millionlab qoramollar va yovvoyi hayvonlarning o`limiga sabab bo`lib, insoniyat tarixida epizootiya, epidemiya va ocharchilik kabi og`ir asoratlarga sabab bo`lgan.

Ayniqsa 1920 yil qoramollarning o`lat kasalligi ko`pgina mamlakatlarning chorvachiligi va iqtisodiyotiga juda katta talafotlar keltirdi. Dunyo mamlakatlarida ushbu kasallik panzootiyasi kuzatildi.

Aynan shu kasallik bilan bog`liq asoratlarni bartaraf etish va butun dunyo birgalikda kurashish zarurati va g`oyasi 1924 yilda Butunjahon hayvonlar sog`ligini himoya qilish tashkiloti (Butunjahon veterinariya tashkiloti) tashkil etilishida asosiy omil bo`ldi.

O`tgan yillar davomida ushbu xalqaro tashkilot tomonidan bu kasallik bilan alohida kurashib, 2011 yilda qoramollarning o`lat kasalligi dunyo miqyosida butunlay yo`q qilinganligi rasman e`lon qilindi.

Qoramollarning o`lat kasalligi jahon tarixida er yuzidan butunlay yo`q qilingan birinchi va yagona kasallik hisoblanadi.

Bu kasallikning bartaraf qilinishi butun dunyo bo`ylab oziq-ovqat xavfsizligi uchun o`ta muhim va juda katta hissa qo`shdi. Jahon hamjamiyati ushbu kasallik yana qaytarilmasligi uchun bugungi kungacha birgalikda harakat qilib kelmoqda.

Bunday maqsadga erishish uchun yillar davomida ko`p mamlakatlar, xalqaro ekspertlar birgalikda harakat qildi va millionlab mablag`lar sarflandi.

Insoniyatga katta xavf solgan ofat haqida unutmaslik, ko`plab olimlarning umr bo`yi qilgan mehnatlarini xotirada saqlash maqsadida Butunjahon veterinariya tashkiloti tomonidan 2019 yildan boshlab OIE Rinderpest Challenge e`lon qilindi.

Mazkur chellenj qoidalariga ko`ra, qatnashchilar qoramollarning o`lat kasalligini keskin tarqalish manbaini topishlari va bartaraf etishlari zarur bo`ladi.

Joriy yil 14 yanvardan 12 fevralga qadar butun dunyo mamlakatlaridan OIE Rinderpest Challenge qatnashchilari o`yindagi kurash davomida o`latga qanday qilib tashxis qo`yish, qanday usulda potensial xavfli material bilan laboratoriya sharoitida ehtiyot bo`lib ishlashni o`rganib oldilar hamda o`z mamlakatlariga kerakli ballni to`plashda hissa qo`shdilar.

Ushbu chellenj Butunjahon veterinariya tashkilotining “Hech qachon ortga qaytma” (Never Turn back) kompaniyasi doirasida hamda Ommaviy qirg`in quroli tahdidini kamaytirish dasturi ko`magida ishlab chiqilgan.

Shuni ta`kidlab o`tish joizki, qoramollar o`lati yo`q qilinishi jarayonining ramziy sifatidagi tarixiy fotosuratlaridan foydalanilgan.

Butunjahon veterinariya tashkiloti tomonidan tashkil etilgan xalqaro OIE Rinderpest Challenge joriy yil 12 fevral kuni tugatilgani rasman e`lon qilindi.

To`rt hafta davom etgan chellenj kurashida dunyoning 121 davlatidan veterinariya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va yosh olimlar hamda shu yo`nalishda tahsil olayotgan talabalar qizg`in kurash, raqobat va bahslar muhitida g`oliblik uchun kurashdi.

Chellenj kurashi yakunida O`zbekiston 4,1 mln. ball to`plab, yangi rekord natijani qayd etgan holda, boshqa mamlakatlarga imkoniyat qoldirmay, mutlaq g`oliblikni qo`lga kiritdi.

Kuchli o`nlikdan quyidagi davlatlar o`rin oldi:

1 — O`zbekiston;

2 — Hindiston;

3 — Misr;

4 — Rossiya Federasiyasi;

5 — Meksika;

6 — AQSh;

7 — Turkiya;

8 — Xitoy;

9 — Keniya;

10 — JAR;

11 — Qozog`iston.

Shuningdek, kuchli o`nlikda O`zbekistonlik ishtirokchilar 7 nafarni tashkil etadi. Shu jumladan, Qo`mitaning Samarqand veterinariya medisinasi instituti Veterinariya profilaktikasi va davolash fakulteti 4-bosqich talabasi Nurmuhammad Narziev shaxsiy natijalar bo`yicha sharafli birinchi o`rinni egalladi.

Shaxsiy natijalar bo`yicha birinchi o`rinni egallagan g`olib ishtirokchi joriy yil may oyida Parij shahrida bo`lib o`tadigan Butunjahon veterinariya tashkiloti xalqaro assambleyasining 88-Bosh sessiyasiga faxrli mehmon sifatida rasman taklif etiladi.

Qoidaga ko`ra, g`olib mamlakat – O`zbekiston “dunyoni qoramollarning o`lat kasalligidan qutqargan mamlakat hisoblanadi” va Butunjahon veterinariya tashkiloti xalqaro assambleyasi 88-bosh sessiyasining ochilish marosimida e`tirof etilib, O`zbekiston delegasiyasiga buni tasdiqlovchi sertifikat taqdim etiladi, deya xabar beradi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi.

    Boshqa yangiliklar