AsosiyJamiyat

O`zbekiston TIV o`rinbosari: «25 yillik katta muz eritildi»

'O`zbekiston TIV o`rinbosari: «25 yillik katta muz eritildi»'ning rasmi

TIV tomonidan jurnalist va blogerlar uchun 14 fevral kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Ilhom Ne`matov OAV vakillarining sohaga oid barcha savollariga javob qaytardi. «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonovning xabar berishicha, ochiq muloqotda TIV rasmiysi O`zbekistonning bugungi siyosatini Germaniyaning urushdan keyingi siyosiy islohotlariga qiyosladi.

«Bironta bir davlat chet el sarmoyalarisiz rivojlanmagan, rivojlanmaydi ham. Germaniyani misol keltiraman. Ikkinchi jahon urushidan keyin mutlaqo vayronaga aylandi. Men o`z diplomatik kareramni ana shu mamlakatdan boshlaganman. Ya`ni 1993 yilda ishlab yurganimda ko`rganman, ikkinchi jahon urushidan so`ng Germaniya barcha eshiklarini ochib qo`ydi va hamma borib u erda ishladi. Natijada hozirgidek rivojlanishga kelgan. O`zbekiston ham so`nggi yillarda barcha mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar bilan xuddi ana shu ochiqlik siyosatini olib bormoqda», — dedi Ne`matov.

Tadbir mobaynida vazir o`rinbosari Shavkat Mirziyoev islohotlari natijasida siyosiy va iqtisodiy izolyasiyadan to`liq xalos bo`lganini ta`kidladi.

«Biz ochiq siyosat tufayli so`nggi yillarda siyosiy va iqtisodiy izolyasiyadan to`liq ozod bo`ldik. Prezidentimiz Toshkent viloyati hokimligidagi majlislarning birida ‘Biz hali Markaziy Osiyo davlatlari bilan 25 yil davomida o`rtamizda paydo bo`lgan katta muzni eritish uchun juda ko`p ish qilishimiz kerak’, deb aytgan edilar. Haqiqatan ham bu amalda bo`ldi — muz eritildi. Bugungi kunda tashqi siyosatimizda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarda katta burilish bo`ldi. Qo`shni mamlakatlar bilan aloqalarimiz yuqori pog`onaga chiqdi. Ikki va ko`p tomonlama manfaatli aloqalarimiz turli sohalarda bir maromda rivojlanib boryapti», — dedi Ilhom Ne`matov.

    Boshqa yangiliklar