Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmatining ma`lumot berishicha, joriy yilning 14 fevralda viloyatning Oltinsoy tumanining “Halqabod” mahallasi hududida joylashgan fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan er maydoniga mahalliy fuqarolar tomonidan noqonuniy uy-joy qurib olinganligi holatiga aniqlik kiritish hamda ushbu erlarni fermer xo`jaligiga qaytarish maqsadida, tuman hokimiyatining qurilish masalalari bo`yicha vakili, tuman prokurori, ichki ishlar bo`limi boshlig`i, Surxondaryo viloyati er tuzish va ko`chmas mulk kadastri davlat korxonasi Oltinsoy filiali mas`ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Oltinsoy tuman hokimining 2019 yil 6 dekabr kunidagi farmoyishi ijrosini ta`minlash uchun manzilga chiqib, mahalliy fuqarolar bilan tushuntirish ishlarini olib borayotgan vaqtlarida, ayrim fuqarolar qo`llariga turli buyumlar (tayoq, bolta, toshlar, bel kurak va boshqa) bilan ishchi guruh vakillariga tajovuz qilganliklari oqibatida o`rtada janjal kelib chiqqan.
Chaqiruvga asosan jamoat tartibini saqlash uchun 16.00larda voqea joyiga etib borgan tuman IIB xodimlari, mahalliy aholi tomonidan jamoat tartibini buzishni to`xtatib, uylariga tarqashni talab qilganlarida, mahalliy fuqarolardan I.Muxammadiev, D.Muxammadiev, F.Nurov, A.Toshov, S.Muxammadiev va A.Safarovlar ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko`rsatib, qo`llaridagi buyumlar bilan tajovuz qilganlar.
Ko`rilgan choralar natijasida jamoat tartibini buzayotgan fuqarolar zararsizlantirilib, jamoat tartibi barqarorlashtirilgan.
Huquqbuzarlarning tajovuzlari natijasida IIB xodimi safdor Sh.Mustofoqulovga “Bosh miyaning yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, boshning peshona o`ng qosh usti, o`ng yon tomoni ezilgan, yirtilgan jaroxatlari, o`ng ko`z qavog`i yumshoq to`qimalarning ezilishi va gematomasi, burnining o`ng tomoni yuz sohasidagi yirtilgan jaroxat”, shuningdek profilaktika inspektori yordamchisi A.Jabborovga “Chap elka o`mrov akramiyal bo`g`imi sohasi yumshoq to`qimalarining ezilishi” kabi tan jarohatlari etkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Shu o`rinda fuqarolarimizdan har qanday vaziyatda jamoat tartibini buzishlariga yo`l qo`ymaslikni, nizoli vaziyatlarni qonuniy tartibda hal etishlariga chaqirib qolamiz.
Mamlakatimizda qonun ustivorligi ta`minlanadi hamda aybdorlar qilmishidan qat`iy nazar javobgarlikka tortiladi.