Ayrim idora va tashkilotlarga borganimizda, “Telefoningizni topshirib kiring”, degan gaplarni eshitamiz. Bu buyruq ohangidagi talabga bo`ysunmay iloj qancha?! Aks holda, ichkariga kira olmaysiz. Aynan bu talab to`g`rimi yoki noto`g`ri, degan bahs-munozaralar ham tez-tez bo`lib turadi.
Adliya vazirligi ushbu bahslarga oydinlik kiritdi.
Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limidan ma`lum qilishlaricha, ma`lum hollarda to`g`ridan-to`g`ri qonun hujjati bilan ba`zi davlat organlarining binosiga mobil telefonlarni olib kirish yoki undan foydalanish cheklangan.
Jumladan, sud binolari, sud prosesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini ta`minlash tartibi to`g`risidagi yo`riqnomaga (ro`yxat raqami 2981, 2018 yil 15 mart) asosan sud binosiga mobil telefon, foto va video qayd etish vositalarini sud majlisida raislik qiluvchining ruxsatisiz olib kirish taqiqlanadi.
Biroq, ayrim toifadagi shaxslar borki, ularga davlat tashkilotlari binosiga kirish uchun cheklov belgilanmagan. Masalan, advokat o`z professional faoliyatini amalga oshirishi uchun prosessual normalarga qat`iy rioya etgan holda sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini moneliksiz olib kirish huquqiga egadir.
Qonun hujjatlariga muvofiq davlat organi yoki tashkiloti ob`ekt ichki rejimini o`zi mustaqil belgilash huquqiga ega. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 iyuldagi 555-son qaroriga asosan ob`ekt ma`muriyati kirib-chiqish yo`riqnomasini o`zi tasdiqlaydi. Shunga ko`ra, ayrim davlat tashkilotlari binosiga kirish uchun mobil telefon olib kirish bilan bog`liq cheklov belgilangan bo`lishi mumkin.
Davlat organlari va tashkilotlari joylashgan binolarga shaxsiy mobil telefonlarni olib kirish ichki va axborot xavfsizligini ta`minlash, ish yurituvidagi oshkor etilmaydigan ma`lumotlarning butligini saqlash maqsadlarida cheklanishi mumkin.
Davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning axborot maxfiyligini saqlash bilan bog`liq majburiyatlari mansab yo`riqnomalari va shu kabi boshqa lavozim vazifalarini belgilovchi hujjatlarda ko`rsatib o`tiladi. Shu sababli tashkilotlar o`z axborot xavfsizligi siyosatidan kelib chiqib nafaqat tashqaridan tashrif buyuruvchilar, balki o`z xodimlariga ham ishxonalarda mobil aloqa vositasidan foydalanishga ruxsat berish va aksincha, taqiqlash huquqiga ega.
Ijtimoiy muassasalar, jumladan maktablar, shifoxonalar, sanatoriylarda ham shaxsiy mobil telefonlarni olib kirish cheklanishi mumkin. Bundan ko`zlangan maqsad — ta`lim sifatini ta`minlash, ta`lim oluvchilar yoki bemorlarning tinchligini asrash, ularning xavfsizligini ta`minlashdir.
Aholi umumiy foydalanishiga mo`ljallangan binolarda (kutubxonalar, poezdlar, teatr, kinoteatr va h.) telefonni olib kirishga emas, balki undan foydalanish bilan bog`liq cheklovlar ham boshqa fuqarolarga xalaqit qilmaslik nuqtai nazaridan cheklanishi mumkin.
Hayotiy ushbu misollar turli-tuman bo`lishi mumkin, huquqiy nuqtai nazaridan esa bir xil munosabatlarini tartibga soladi va tashkilotlarning ushbu vakolatlarga ega ekanligining tasdig`idir.
Qonunchilikda hamma holatlarni oldindan aniqlab, barcha cheklovlarni belgilash qanchalik maqsadga muvofiq, degan savol ham shunga bog`liq. Chunki ularning turlari ko`p va o`zgarib turadi. Shuning uchun ham, mazkur masalani hal qilish asosan (ayrim hollardan tashqari) har bir tashkilotning o`ziga havola qilingan.
Qolaversa, davlat organlari va tashkilotlarining binosiga tashrif buyurayotgan shaxslar bilan mazkur davlat tashkilotlari o`rtasidagi munosabatlari ommaviy-huquqiy (ma`muriy) munosabatlar hisoblanadi. Bu erda gap fuqaroning mulkida emas, balki uning davlat tashkilotiga tashrifi va belgilangan ichki tartib-qoidalarga amal qilishi haqida bormoqda.
Shunga ko`ra, davlat organlariga joylashgan binoda fuqarolar tomonidan binoga mobil telefonlarini vaqtincha topshirib kirishi amaliyoti fuqarolarning mulkiy huquqlarini cheklanishini anglatmaydi. Chunki mobil telefonni topshirishni istamagan fuqarolar, o`z shaxsiy mulklarini qoldirib kelishlari mumkin.
Xizmat xonalaridan tashqarida, ya`ni jamoat joylarida xizmat vazifasini o`tayotgan ichki ishlar xodimlari bilan o`zaro munosabatni audio, foto va video qurilmaga qayd qilish mumkin (ichki ishlar xodimi tomonidan foto va video tasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno).
Unutmaslik kerakki, davlat tashkiloti, mansabdor shaxslar u yoki bu funksiyani amalga oshirayotganda faqatgina belgilangan qonun-qoidalarga rioya etishi lozim. Agar shaxsning talabi qonuniy bo`lsa, davlat tashkilotlari uni belgilangan tartibda hal qilishga, aksincha bo`lsa rad etishga majbur.
Yuqoridagilarga ko`ra, davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan mobil telefon, foto va video qayd etish vositalarini olib kirilishini taqiqlash bo`yicha belgilangan talablar amaldagi qonun hujjatlariga zid emas
Faqat davlat organlari va tashkilotlari binolarining fuqarolarga davlat xizmatlarini ko`rsatishga mo`ljallangan qismlarida (xizmat ko`rsatish zallari, fuqarolar kutish va qabul qilish xonalarida) davlat organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risidagi tamoyillardan kelib chiqib telefondan foydalanishga ruxsat berish tavsiya qilinadi.
Ma`lumot o`rnida: Adliya vazirligi tizimida, notariat idoralarda, davlat xizmatlari markazlarida fuqarolar tomonidan audio va video moslamalarni ishlatishga ruxsat etilgan.