O`zsanoatqurilishbank Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston milliy universiteti bilan axborot-kommunikasiya texnologiyalari va matematika yo`nalishida mutaxassislarni jalb qilish bo`yicha o`zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Kelishuvga ko`ra, Bank tomonidan universitetning yuqori bosqich talabalari uchun stipendiya ajratilishi rejalashtirilgan. Bunda stipendiya Bankdagi amaliyot jarayonlarini a`lo darajada o`tagan va tegishli komissiya suhbatidan muvaffaqiyatli o`tgan talabalarga mo`ljallanishi ko`zda tutilgan.
Bundan tashqari, Bank tizimda innovasion echimlarni joriy qilish maqsadida talabalarning shu sohaga doir yangi dasturiy tizimlarni ishlab chiqish va joriy qilish borasidagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Buning uchun universitet binosida «O`zsanoatqurilishbank innovasion markazi» ishga tushiriladi. Markazda talaba-yoshlar dasturiy ta`minotlar yaratish, ularni bank axborot-kommunikasiya texnologiyalari tizimida joriy qilish, shu sohada yangi bank xizmatlari uchun biznes jarayonlarni tashkil etish, umuman, bank biznesining barcha yo`nalishlari bo`yicha nazariy bilimlarini amaliy ko`nikmalar asosida mustahkamlashga qulay sharoit yaratiladi.
Shuningdek, tomonlarning kelishuvi bank xodimlarining AKT va axborot xavfsizligi sohasidagi bilim va ko`nikmalarini oshirishga ham qaratilgan. Bu borada ish universitetning mahoratli pedagoglarini jalb qilgan holda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ta`kidlash joiz, O`zsanoatqurilishbankda xodimlar malakasini oshirish hamda ular zaxirasini shakllantirish zamonaviy uslubda olib borilmoqda. Bankning qator nufuzli oliy ta`lim muassasalari bilan turli mazmundagi loyihalarni amalga oshirishi shu yo`nalishdagi chora-tadbirlar sirasiga kiradi.






