Joriy yilning 15 fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida Edu Market interfaol-virtual ta`lim dasturining taqdimoti bo`lib o`tdi.
Prezidentmiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga murojaatida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart ekanligini ta`kidlagan edi.
O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi yoshlarga zamonaviy texnologiyalar yordamida bilim berish maqsadida Edu Market loyihasini ishlab chiqdi.
Mazkur platforma Game Zale kompaniyasi tomonidan yaratilgan bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Innovasiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan tatbiq qilingan.
Platforma zamonaviy texnologiyalar dunyosida bolalarning rivojlanish mashqlari shaklida (yoshga qarab sinflarni tanlash orqali) teng imkoniyatlarni ta`minlash, IT ko`nikmalar hamda diqqat, xotira va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan.
Ushbu platforma ta`lim faoliyatida yangi usul va uslublarni yaratib, uning sifatini oshirish uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Shubhasiz, bu o`qituvchining o`quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatida o`z ustida ishlash lozimligini talab qilib, o`quvchilarning bilim faolligini oshiradi. O`quv jarayonini yanada yorqinroq va qiziqarli qiladi.
Hozirgi kunga kelib, platformaning demo-versiyasi Toshkent shahridagi 94-umumta`lim maktabida boshlang`ich sinf o`quvchilari orasida sinovdan o`tkazildi. Edu Market bolalarning ta`limga qiziqishini oshirishda samarali o`qitish vositasi bo`lib xizmat qiladi.
Platformaning tarkibiy qismlariga virtual maktab, virtual kutubxona, onlayn o`qitish tizimi, o`quvchilarning onlayn o`zlashtirish statistikasi, o`quv mashg`ulotlarini muvaffaqiyatli yakunlash uchun o`quvchilarni rag`batlantirish tizimi va boshqalar kiradi.
Ilovaning demo-versiyasini sinovdan o`tkazishda eng yuqori ball to`plagan g`oliblardan biri 94-maktabning 1-“G” sinf o`quvchisi Safira Dusmuxamedova Edu Market haqida shunday dedi: «Menga dastur birinchi foydalanishdayoq yoqdi, u juda maroqli va qiziqarli dastur ekan. Uning yordamida siz yangi bilimlarni o`rganishingiz mumkin. Men hammaga Edu Market dan foydalanishni maslahat beraman».
Toshkent shahridagi 94-o`rta maktabning boshlang`ich sinf o`qituvchisi Daniya Aminova Edu Market haqida: «1-sinf o`quvchilarini kuzatar ekanman, bolalarning ko`zlarida shijoat va ishtiyoqni ko`rdim. Mazkur platforma har tomonlama sayqallanib yaratilgan. Muayyan tilda so`zlashish to`sig`iga uchragan o`quvchilar qolgan tengdoshlari bilan birga baravar, ishtiyoq bilan mashqlarni ishlab, aksariyati yaxshi natijalarga erishdi. Shundan anglash mumkinki, o`quvchilarda ilm olishga ishtiyoq paydo bo`ldi va yangi bilimlarga o`rganishga qiziqish ortdi».
- Hozirgi kunda o`quvchilar ko`p vaqtini smartfon yoki planshetlardan foydalanib o`tkazadi. Shuni inobatga olib, bolalarga vaqtlarini samarali foydalanishlari uchun yangi platformani yaratdik. Edu Market loyihasi orqali ularga bilim olish uchun yangi imkoniyat berish bilan birga bilim olish qiziq ekanini ko`rsatmoqchimiz. Kelajakda Edu Market tizimi orqali yoshlar uchun foydali, kasb egallash imkoniyatini beruvchi ma`lumotlar berib borish rejalashtirilgan. Jumladan, yuqori sinf o`quvchilariga internet orqali qonuniy pul ishlash imkoniyatlarini o`rgatish ham rejalashtirilgan. Bu esa ularning kelajakda qo`shimcha daromad topishlariga imkoniyat yaratadi, - dedi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov.
Tantanali marosim davomida platformani sinovdan o`tkazish tanlovida mashqlarni muvaffaqiyatli bajargan eng yaxshi top-10 reytingga kirgan o`quvchilarga tadbir tashkilotchilari tomonidan sertifikat va sovg`alar bilan taqdirlandi.






