AsosiyDunyo

Markaziy Osiyoning 2020 yilgi 10 ta eng muhim voqeasi

'Markaziy Osiyoning 2020 yilgi 10 ta eng muhim voqeasi'ning rasmi

Qozog`istonning xalqaro munosabatlar bo`yicha kengashi (QXMBK) an`anaviy tarzda 2020 yilning eng muhim 10 ta voqeasinitaqdim etdi deb xabar qildi Uzanalytics. Bu haqda Sof.uz ma`lum qildi.

Ular Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy va iqtisodiy taraqqiyoti, barqarorligi va xavfsizligi uchun o`ta muhim ahamiyatga ega. Ushbu tahliliy bayon QXMBK ekspertlarining Markaziy Osiyodagi 2020 yilgi asosiy jarayonlarga jamoa nazaridir. Publikasiya – joriyalov mualliflari ushbu materiallar bayonining dolzarbligi ekspertlar hamjamiyati, ommaviy axborot vositalari va davlat tuzilmalarida qiziqish uyg`otishiga umid bildiradi.

1. Mintaqadagi iqtisodiy o`sish sur`atlarining saqlanib qolishi

Global iqtisodiyot va savdo munosabatlari tuzilmasida kuzatilayotgan o`zgarishlarni, ancha-muncha moliyaviy xatarlar borligini hisobga olib, jahon iqtisodiy o`sishidagi sust sur`at saqlanib qolishini kutish mumkin. Jahonning etakchi moliya muassasalari bashoratiga ko`ra, taklif darajasi balandligi va dunyo miqyosidagi talab kamligi sabab xom ashyo mahsulotlari bahosi pasayishini kutish mumkin. Xususan, Markaziy Osiyodagi YaIM hajmlari aksariyat hollarda asosiy savdo sheriklari: EI, Xitoy va Rossiyaning iqtisodiy ahvoliga bog`liq bo`ladi. Mintaqadagi ayrim mamlakatlar (O`zbekiston, Qirg`iziston va Tojikiston) uchun Rossiya va boshqa mamlakatlarda ishlayotgan mehnat migrantlarining pul jo`natmalariga qaramlik yana bir muhim omillardan biri bo`lib qolaveradi. Mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti rivojlanishiga davlat siyosatining turli vositalari ijobiy ta`sir ko`rsatadi: o`rta muddatli yangi davlat dasturlarini ishga tushirish, kichik va o`rta tadbirkorlikni rag`batlantirish, iste`molchilar talabini barqarorlashtirish uchun ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish va hk. Ushbu omillarning o`zaro uyg`un birikmasi natijasida mintaqadagi iqtisodiy o`sish yangi o`n yillikning dastlabki yilida unchalik ko`p o`zgarishlarga yuz tutmasa kerak. Dastlabki bashoratlarga qaraganda, iqtisodiy o`sish sur`atlari quyidagicha bo`ladi: Qozog`istonda: 3,5% – 3,8%, Qirg`izistonda: 3,7% – 4%, Tojikistonda: 5,8% – 6,1%, Turkmanistonda: 5,4% – 5,7% va O`zbekistonda: 5,6% – 5,9%. Jami olganda, mintaqadagi o`sish sur`atlari 4,5% – 5% bo`ladi. Ayni choqda ekspertlar O`zbekistonni alohida ajratib ko`rsatmoqda. Ushbu mamlakatning iqtisodiy o`sishi bo`yicha prognozlari yaqin yillarda eng jadal va ijobiy bo`ladi. Qurilish bilan sanoatni faollashtirish o`sishning drayveri – asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo`lishi mumkin.

2. Yangi saylov sikli: iqtisodiy maydon faollashuvi

Markaziy Osiyo mintaqasining yangi saylov jarayoniga qadam qo`yishi ko`p jihatdan 2020 yili ichki siyosiy kun tartibini belgilab beradi. Saylov bilan bog`liq eng muhim voqealardan biri joriy yilda Qirg`izistonda bo`lib o`tadigan parlament saylovidir. Respublikadagi bundan buyongi siyosiy kuchlar nisbati, prezident Sooronboy Jeenbekov siyosati, mamlakatda potensial konstitusiya islohotlari o`tkazish saylov kampaniyasi natijalariga bog`liq ekanini tushunish lozim. Ayni holatda O`murbek Tekebaev yoki O`murbek Babanov singari siyosiy etakchilarning bundan keyingi nima bo`lishi, shuningdek, ularning parlament poygasida ishtirok etishi masalasi ochiq qolmoqda. Hokimiyatdagi Qirg`iziston Sosial-demokratik partiyasining (QSDP) barqarorligi, aynan sobiq prezident Almazbek Atambaev tarafdorlarini to`liq siqib chiqarish yo`lida partiya ichidagi kadrlar jiddiy almashtirilishi bilan bog`liq savolga ham hozircha javob yo`q. Bunday sharoitda Qirg`izistonning amaldagi prezidenti yangi tayanch nuqtalarini topishi va boshqa partiyalardan ko`mak olishi kerak bo`ladi.

2020 yil ko`klami va kuzida Tojikistonda parlament va prezident saylovlari bo`lib o`tadi. Hokimiyatdagi Xalq demokratik partiyasinining parlamentdagi status-kvosi – mavjud holati saqlanib qolishi va Tojikiston prezidentining qayta saylanishini kutish mumkin. Shu bilan birga, davlat boshqaruv apparatida yoshartirish va yangi shaxslarning kelish jarayoni boshlanishi ehtimoldan xoli emas. Ekspertlar yana joriy yildayoq Qozog`istonning oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat tarmog`i muddatidan oldin saylov kampaniyasini o`tkazishi ehtimolini istisno etmayapti. Shunga qaramasdan, so`nggi yillarda ilk marta parlament saylovi belgilangan muddatida o`tkazilishi mumkin. Shu zayl joriy yil 2021 yilga mo`ljallangan parlament sayloviga tayyorgarlik yili sifatida o`tadi. Ayni jarayonga yangi siyosiy birlashmalar va partiyalar hamda ichki siyosiy maydonning faollashuvi esh bo`lishi mumkin.

3. Qozog`iston: Prezident To`qaevning yangi islohotlari

2020 yil Qozog`iston Prezidenti Qosim-Jo`mart To`qaevning yangi islohotlarini amalga oshirishda muhim bosqich bo`lishi mumkin. Mamlakat etakchisi ilgari surgan «Tinglay oladigan davlat» konsepsiyasi davlat bilan jamiyat o`rtasidagi muloqotni yaxshilashga, shuningdek, murakkab davlat boshqaruvining yangi mexanizmlarini shakllantirishga qaratiladi. Ushbu kontekstda Milliy ijtimoiy ishonch kengashi (MIIK) taklif etgan tashabbuslar: mitinglar haqida yangi qonun qabul qilish, parlamentning kam sonli qismi huquqini kengaytirish, partiyalarga a`zolik bo`sag`asini 40 mingdan 20 ming kishigacha kamaytirish, «Xalqaro fuqarolar huquqi to`g`risida»gi qonunning Ikkinchi fakultativ bayonnomasiga qo`shilish, partiyalar ro`yxatida ayollar va yoshlar uchun 30 foizlik kvotani tasdiqlash va hokazolarni amalga oshirish muhim olg`a siljish bo`ladi. Demografiyadagi sifat o`zgarishlarini hisobga olib, siyosatda ham, jamiyatda ham avlodlar almashuvini, aholining ichki siyosiy jarayonlarga aralashuvini oshirishni yangi trendlar – tamoyillar, kutilmalar va «yangi ijtimoiy shartnoma»ga bo`lgan talab shakllantiradi. Ayni jarayonlar aksariyat hollarda ijtimoiy hayotning raqamlashuvi, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari ta`siri kuchayishi hamda yoshlar faolligining oshishi hisobiga tezlashadi. Binobarin, samarali muloqot maydonining yangi mexanizmlarini barpo etish Qozog`iston yangi hukumatining bosh strategik vazifasi bo`ladi.

4. Mintaqada aholini ro`yhatga olish boshlanishi

2020 yilgi global raund doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarida navbatdagi aholini ro`yxatga olish tadbirlari boshlanadi (Qozog`iston, Qirg`iziston va Tojikiston). Ilgari ro`yxatga olish O`zbekistonda 1989 yili, Turkmanistonda 1995 yili, Qozog`iston va Qirg`izistonda 2009 yili, shuningdek, Tojikistonda 2010 yili o`tkazilgan edi. Qayd etish joizki, o`tgan o`n yillik mobaynida mintaqadagi demografiya manzarasi bir qator struktural o`zgarishlarini boshidan kechirdi. 2017 yilda Markaziy Osiyo aholisi 70 millionlik marrani hatlab o`tdi. Aholi tarkibidagi bolalar soni ortishi (30 foiz) barobarida kutilayotgan umr uzoqligi o`smoqda. Asta-sekin shaharlashuv jarayonlari faollashib va mustahkamlanib bormoqda. Aholi soni million kishidan oshgan shaharlar soni 7 taga etdi, ular qatoriga Nur-Sulton (1916 yil), Bishkek (2017), Dushanbe (2018 yil) va Shimkent (2018 yil) qo`shildi. Aholi sonining ortish tamoyili o`lim miqdori kamayishi, o`rtacha yosh ortishi va tug`ilish ko`payishi hisobiga saqlanib qolmoqda. Mintaqa mamlakatlarida kelgusi ro`yxatga olish ishlarini tashkil etishda bir qator yangiliklar qo`llanadi. Masalan, Qozog`istonda suhbat o`tkazuvchilar planshetlardan foydalanadi, shu sababli ma`lumotlar shu zahotiyoq ma`lumotlar bazasiga tushishi va qayta ishlanishi mumkin, shuningdek, ro`yxatga olishda onlayn formatda ham ishtirok etsa bo`ladi. Qirg`izistonda savolnomaga uy-joy fondi, barqaror rivojlanish maqsadlari bajarilishi, shuningdek, mamlakatda bir yildan oshiq vaqtdan beri yashamayotgan qarindosh vatandoshlar haqida ko`shimcha savollar qo`shilgan. Bundan tashqari, aholini ro`yxatga olishda mobil telefonlar orqali ham qatnashish mumkin. O`z navbatida Turkmaniston va O`zbekistonda aholini ro`yxatga olishning navbatdagi raundlarini 2022 yilda o`tkazish rejalashtirilmoqda. Shu tariqa aholini ro`yxatga olish natijalari mintaqa mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga ta`sir ko`rsatadi.

5. Markaziy Osiyoda hamkorlikning izchil kuchayib borayotgani

2020 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash sari olingan jadal yo`nalishni davom ettiradi. Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining Bishkekda o`tkazilajak maslahat uchrashuvi asosiy e`tibor markazida bo`ladi. Ayni sammit 2018 yilda Nur-Sultonda va 2019 yili Samarqandda o`tkazilgan uchrashuvlarning davomi bo`ladi hamda mintaqadagi hamkorlik rivojlanishini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy darajalarda yangilash imkonini beradi. Joriy yilda Evropa Ittifoqining (EI) Markaziy Osiyo bo`yicha strategiyasi amalga oshirila boshlashi va AQShning Markaziy Osiyo bo`yicha strategiyasi e`lon qilinishi mintaqadagi masalalar kun tartibiga qo`shimcha turtki beradi. Ayni holatda O`zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning davom ettirilayotgani, shuningdek, Qozog`istonda o`tkazilayotgan siyosiy islohotlar xalqaro investorlarning mintaqaga bo`lgan qiziqishini oshiradi. 2020 yilda Tojikistonning Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT), Xalqaro Orol dengizini qutqarish jamg`armasi va Afg`oniston bo`yicha Istambul jarayoni singari mintaqaviy maydonlardagi raisligi ham muhim qadam bo`ladi. Barcha zikr etilgan voqealar va ko`rsatilgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyo mintaqasiga e`tiborini jalb qiladi.

6. EOII: Integrasiya yo`nalishining mustahkamlanishi

Integrasiya birlashmasi amal qila boshlangach, oradan 5 yil o`tgandan so`ng Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) shartnomasi asosiy me`yorlarining unga a`zo bo`lgan mamlakatlar qonunchiligida mustahkamlab qo`yilishi kutilmoqda. 2019 yil dekabrida bo`lib o`tgan Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi majlisida mehnatkashlarning iqtisodiy ta`minot to`g`risidagi kelishuv uzoq vaqt birga ishlangandan so`ng imzolandi. Endi ishtirokchi mamlakatlar ushbu hujjatni o`z parlamentlarida tasdiqlashi kerak. Shuning barobarida 2020 yilda imtiyoz muddati tugashi munosabati bilan Qirg`izistonga EOIIdan boshqa mamlakatlardan olib kiriladigan mashinalarning bojxona rasmiylashtiriluvi narxlari oshiriladi. Qozog`iston bilan Qirg`izistonning uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishi bo`yicha ish faol davom ettiriladi. 2020 yilda Hindiston bilan erkin savdo zonasi (ESZ) haqida bitim tuzish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, Misr va Isroil bilan ESZ to`g`risidagi muzokaralarning yakunlovchi bosqichi o`tkaziladi. Markaziy Osiyoning yana bir mamlakati – O`zbekistonning EOIIga kirishiga oid masala kun tartibida muhim bo`lib qoladi. Ayni paytda o`zbek ekspertlari mamlakatning EOIIga kirish istiqbollari va shu bilan bog`liq muammolarni jadal muhokama qilmoqda. Xususan, Prezident administrasiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maxsus tadqiqot o`tkazdi, unda ushbu integrasiya birlashmasiga kirish bir qator imtiyozlar berishi aytiladi. Joriy yil fevralida O`zbekiston prezidentining Rossiya Federasiyasiga safari bo`lishi va safar vaqtida ushbu yo`nalishdagi masalalarga to`liq oydinlik kiritilishi kutilmoqda. Ta`kidlanishicha, O`zbekiston EOIIda kuzatuvchi maqomiga ega bo`lishi mumkin. Bunday qaror qabul qilinishi O`zbekistonning ushbu qadami erkinlashtirish va ochiq iqtisodiy siyosatining davomi sifatida mantiqli bo`ladi.

7. AQShning Markaziy Osiyo bo`yicha yangi strategiyasi

Global geosiyosiy raqobat o`sib borayotgan sharoitda yaqinda e`lon qilingan AQShning Markaziy Osiyo bo`yicha yangi strategiyasi xalqaro e`tibor markazida bo`lishi tayin. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning Markaziy Osiyoga safari mintaqaning AQSh siyosatidagi ahamiyati oshib borayotganini nishonasi bo`ldi hamda S5+1 formati rivojlanishiga yangi turtki beradi. Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida ro`y bergan so`nggi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o`zgarishlar hisobga olinsa, Donald Tramp ma`muriyatining yangi strategiyasi pragmatik, mintaqada savdo aloqalarini, xavfsizlikni mustahkamlash va mintaqa mamlakatlari suvereniteti – egamenligini kuchaytirish asosiy masalalar sifatida kun tartibiga chiqdi.

8. Yaqin sharq: Geosiyosiy tanglikning Markaziy Osiyoga ta`siri

Yaqin Sharq – Markaziy Osiyoning geografik joylashuvi nuqtai nazaridan G`arbiy Osiyo – 2020 yilda ham beqarorlik va tahdidlarning bosh mintaqasi sifatida xalqaro jamoatchilikning e`tibori markazida bo`lib turadi. AQSh bilan Eron o`rtasidagi munosabatlar keskinlashuvi bilan bog`liq so`nggi voqealar, Liviyadagi harbiy-siyosiy ahvol yomonlashuvi, kurd qurolli tuzilmalari faollashuvi, shuningdek, Turkiya, Eron va Saudiya Arabistoni singari mintaqadagi asosiy o`yinchilarning ta`sir doirasini kengaytirish uchun o`zaro raqobati kuchayib borayotgani Suriyadagi buhron keskinligi keyingi bosqichiga chiqayotganidan darak bermoqda. So`nggi voqealar oqibatlari hisobga olinsa, G`arbiy Osiyodagi «proxy» usulidagi qarama-qarshilik yangi va tobora ochiq ko`rinishga o`tishini kutish mumkin.

Mintaqaning mavjud holatni o`zgartirishga intilayotgan ayrim mamlakatlari “qizil chiziq”ni bosib o`tishi va G`arbiy Osiyoda haqiqiy harbiy amaliyotlar qo`zg`ashi mumkin. Ayni jarayonlar energiya resurslari bozori holatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi hamda jahon va Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy ko`rsatkichlarini pasaytiradi. Shu bilan birga, mintaqada kuchayib borayotgan geosiyosiy raqobat va mavhumlik yangi terrorchilik tashkilotlari paydo bo`lishi, markaziy osiyoliklarning buzmakor terrorchilik faoliyatiga tortilishining yangi bosqichi vujudga kelishiga sabab bo`lishi mumkin.

9. Xitoy: Markaziy Osiyodagi hamkorlikka yangi tayanch axtarib

2020 yilda Xitoy Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hozirligini kengaytirishni davom ettiradi. Joriy yilda Xitoyning mintaqadagi yangi tayanch nuqtasi O`zbekiston bo`ladi. Prezident Shavkat Mirziyoevning izchil islohotlarini hisobga olib, Xitoy rahbariyati ikki tomonlama munosabatlarni sezilarli ravishda faollashtirdi. Ta`kidlash joizki, 2019 yilda O`zbekistonda Xitoy investisiyalari yig`indisi 1,5 barobar oshdi va bu ko`rsatkich taxminan 8 milliard dollarga tengdir. O`tgan yili hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning beshinchi majlisi natijalariga ko`ra, O`zbekiston va Xitoy rahbariyati savdo-iqtisodiy, agrar, bank va moliya, transport-kommunikasiya sohalariga taalluqli 54 ta loyiha bo`yicha bitimlar imzoladi. Ekspertlar hisob-kitobicha, bugungi kunda O`zbekistonda Xitoy bilan qo`shma sarmoya asosida tashkil etilgan korxonalar soni 1120 tadan oshadi, o`tgan yilning o`zida 330 dan oshiq loyiha ishga tushirildi.

Ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlar mustahkamlanishida O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 12 sentyabrida Xitoy vatandoshlari, jumladan, Hongkong aholisi uchun viza rejimini bekor qilish to`g`risidagi farmoni, keyinchalik Xitoy vatandoshlariga 6 oygacha ko`p marta kirish vizalari berilishi muhim qadam bo`ldi. Hozirgi kunda Toshkent bilan Pekin uchun “Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston” temiryo`l magistralini qurish bo`yicha loyihani amalga oshirish dolzarb bo`lib turibdi. Shundan kelib chiqib, taxmin qilish mumkinki, 2020 yilda ayni loyihani amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari jiddiy ko`mak ko`rsatadi. Ikki malakat o`rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishning potensial yo`nalishlaridan biri xalqaro arbitraj sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishdir, bunda asosiy e`tibor Xitoyning “Makon va yo`l” tashabbusi doirasidagi bahsli masalalarni hal etishga qaratiladi. Shu bilan birga esda tutish lozimki, Qozog`iston va Qirg`iziston vatandoshlarining Xitoy investisiyalariga murakkab va munozaralarga to`la munosabati Pekinni Toshkent bilan yanada qalin hamkorlik qilishga undashi mumkin. Shunday qilib, 2020 yilda Xitoy bilan O`zbekiston munosabatlari tobora kuchayib, yangi ko`rinishlarga ega bo`la boradi.

10. “Mustaqillik” avlodining faollashuvi: yoshlar rolining oshishi

Fikrimizcha, joriy yil Markaziy Osiyodagi ichki siyosiy jarayonlarda yoshlarning roli kuchayish yili bo`ladi. Hozirgi vaqtda yoshlarning aholi nufusidagi ulushi to`xtovsiz o`sib bormoqda va 70 millionlik mintaqa aholisining deyarli 30 foizini tashkil qiladi. Masalan, Qozog`istonda 14 – 29 yoshdagi yosh yigit-qizlar soni 4 million kishi (22 foiz), O`zbekistonda 9 million 600 ming kishi (30 foiz), Qirg`izistonda 1 million 600 ming kishi (26 foiz), Tojikistonda 2 million 800 ming kishidir (30 foiz). Ushbu ko`rsatkichlardan kelib chiqib, mintaqa mamlakatlari hukumatlari iqtisodiy va ijtimoiy siyosat yuritishda, pensiya bilan bog`liq islohotni amalga oshirishda aholining demografik tarkibidagi o`zgarishlarni hisobga olmoqda. Ayni sharoitdan kelib chiqib, Qozog`istonda 2020 yilda parlamentga saylov arafasida yosh ijtimoiy etakchilar ishi faollashishi kutilmoqda. Boz ustiga, Qozog`istonda 2020 yilda 35 yoshgacha bo`lgan yosh avlod vakillari kirgan “prezidentning kadrlar rezervi” tashkil etilgani yangi boshqaruvchilar qatlami shakllantirilayotganidan dalolat beradi. O`zbekistonda shunga o`xshash sa`y-harakatlar yosh avlodni “Buyuk Kelajak” va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti jamg`armasi orqali ijtimoiy jarayonlarga jalb etishga yo`naltirilmoqda.

Umuman olganda, shuni ta`kidlash o`rinliki, Markaziy Osiyoda vatandoshlarning yangi avlodi paydo bo`ldi, bu erda yoshlar davlat boshqaruvi mexanizmiga ta`sir etish orqali fuqarolik jamiyatidagi o`zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo`la bormoqda. Yana ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalarining roli tobora oshib borayotgani, ijtimoiy shartnomaning o`zgarayotgani hisobga olinsa, joriy yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida yoshlar harakatlarining jonlanishini va asta-sekin siyosiy elitaning yangi avlodi davlat lavozimlariga nomzod qilib ko`rsatilishini kutish mumkin. Ushbu jarayonlarning barchasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi saylov jarayonlari bilan bog`liq ravishda kechadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar