Mamlakatimiz vazirlik va idoralari, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari hamda ularning o`rinbosarlari, shuningdek sektor rahbarlari xalq ta`limi tizimida faoliyat yuritayotgan umumta`lim maktablarini otaliqqa oldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 2019 yilning 23 avgust kuni xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tgan edi.
Mazkur yig`ilish bayoniga muvofiq vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o`rinbosarlari, sektor rahbarlarining otaliqqa olish ro`yxati va ularning o`quv muassasalariga tashriflari rejasini tasdiqlash bo`yicha vazifalar belgilab berildi.
Ushbu vazifaga mas`uliyatli yondashish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli topshirig`i bilan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o`rinbosarlari, sektor rahbarlari xalq ta`limi tizimida faoliyat yuritayotgan umumta`lim maktablariga otaliqqa biriktirildi. Jumladan, vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda ularning o`rinbosarlari Toshkent shahridagi 302 ta umumta`lim maktabini otaliqqa oldi. Shu bilan bilan birga, mahalliy davlat organlari rahbarlari va ularning o`rinbosarlari 119 ta maktab, sektor rahbarlari 815 ta maktabga biriktirildi.
Biriktirilgan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o`rinbosarlari, sektor rahbarlari har oy otaliqqa olingan maktablariga tashrif buyuradi. Tashrif doirasida ular “Vazir soati”, “Hokim soati”, “Tadbirkor va bankirlar sabog`i”, “Hayot saboqlari” kabi ochiq darslarini o`tkazish bilan birga o`quv muassasasi faoliyati va muammolari bilan yaqindan tanishib boradi.
Umumta`lim maktabi (filiali) binosini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta`mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo`llar va boshqalar) zarur holatda saqlash choralarini ko`rish bo`yicha ishlarni o`z nazoratiga oladi.
O`z o`rnida biriktirilgan rahbarlar maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, jihozlash, jumladan, kutubxonalarni yangi adabiyotlar bilan boyitish, o`quv muassasasini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta`minlash bo`yicha ko`mak beradi.
Rahbarlarga yuklatilgan vazifalar orasida maktablarni yangi o`quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o`z vaqtida va samarali tayyorlash bo`yicha amaliy yordam ko`rsatish hamda Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusini amalga oshirish bo`yicha umumta`lim maktablarini tayyorlash va bu yo`nalishda o`tkaziladigan tadbirlarga homiylik qilish ham nazarda tutilgan.
- 2019 yilning 23 avgust kuni bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida Prezidentimiz maktab ta`limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur, deb ta`kidladi. Maktablarni respublikadagi vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlar rahbarlari va ularning o`rinbosarlari, sektor rahbarlariga otaliqqa berish orqali biz joylardagi maktablarning infratuzilmasini takomillashtirish va ta`lim sifatini oshirish bo`yicha qo`yilgan maqsadlarga erishamiz. Umid qilamizki, mamlakatimiz kelajagiga befarq bo`lmagan yirik davlat va xususiy korxonalar, banklar, tashkilot vakillari ham bu harakatga qo`shilib, maktablarimizni rivojlantiradi. Faqat birgalikdagina ko`zlangan maqsadga erisha olamiz! — dedi Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Ibroxim Djuraev.






