Turin politexnika universiteti innovasion g`oyalar va loyihalar uchun "DUBAI EXPO 2020" xalqaro ko`rgazmasida ishtirok etish imkoniyatini beruvchi startap loyihalar va g`oyalar tanlovini e`lon qildi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur tanlov quyidagi yo`nalishlarda o`tkazilishi rejalashtirilgan:
👉 Avtomobilsozlik va mashinasozlik;
👉 Energetika;
👉 Informasion texnologiyalar;
👉 Arxitektura va qurilish;
👉 Qishloq xo`jaligi;
👉 Engil sanoat;
👉 Dizayn;
👉 Tibbiyot va farmasevtika;
👉 Sport va jismoniy tarbiya.
Har bir innovasion loyiha to`g`ridan-to`g`ri uning muallifi ishtirokida ko`rib chiqilib, ularning eng yaxshilari universitetning biznes-inkubatori tomonidan moliyalashtiriladi va u "DUBAI EXPO 2020" xalqaro ko`rgazmasida qatnashish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun joriy yilning 10 martiga qadar loyiha nomi, uning qisqacha tavsifi, muallifning ismi sharifi hamda telefon raqamini business.incubator@polito.uz elektron pochta manziliga yoki telegramdagi @businessincubator manziliga yuborilishi lozim.






