O`zbekiston inson huquqlari mustaqil tashkilotining Farg`ona viloyati bo`limi xodimi yordam so`rab kelgan fuqarolarni chuv tushirib, pul ishlab olmoqchi bo`ldi. Bu haqda O`zA yozdi.
Insonni boshiga biror ish tushsa yoki huquqi toptalsa, najotkor izlashga tushadi. Ayniqsa, bugungi kunda inson huquqlarini ta`minlashda nafaqat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu bilan birgalikda nodavlat tashkilotlar ham yaqindan ko`mak berayotgani albatta, yaxshi. Ammo o`sha idorada ishlovchi xodimning o`zi ostonasiga yordam so`rab kelgan odamni laqillatsa bundan yomoni yo`q.
O`zbekiston inson huquqlari mustaqil tashkiloti Farg`ona viloyati bo`limida ishlovchi Qodir Odilov (ismi familiyasi o`zgartirilgan)ga ham ishonch bildirilib, inson huquqlarini himoya qilishdek mas`uliyatli vazifa ishonib topshirilgandi. Uning xizmat vazifalariga fuqarolar tomonidan ularni qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan yo`llangan murojaatlarni qonun doirasida ko`rib chiqib, huquqiy maslahatlar berish, buzilgan huquqlarini tiklash bo`yicha to`g`ri yo`l ko`rsatish kabilar kiradi. Shunday bo`lsada, Qodir Odilov o`z mavqeidan g`arazli va past niyatlarda foydalanib, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni aldab, firibgarlik yo`li bilan boylik orttirishni o`ziga odat qilib oldi.
U o`z vazifalariga kirishayotgan vaqtda burch va mas`uliyatni unutib, tang ahvolda qolgan fuqaroni jarlikka uloqtirishdan tap tortmaydigan shaxsga aylanib bo`lgan. Bu xodim bir necha bor o`ziga murojaat qilib kelgan fuqarolarni aldab, ularni chuv tushirib, himoyaga, maslahatga muhtoj shaxslarni talab, o`zining past niyatlarini amalga oshirgan. Mana sizga inson huquqlari himoyachisining asl qiyofasi.
Birinchi marta Q.Odilov o`z ish yurituviga kelib tushgan fuqaro Sh.I.ning turar joy bilan bog`liq muammosi yuzasidan qonuniy maslahat so`rab yozgan murojaatini ijobiy hal etib berishni aytib, uni aldaydi. Qonuniy biror harakatni amalga oshirmasdan Sh.I.ning ishonchiga kirib, undan turli vaqtlarda 4 million 700 ming so`m pullarni olib o`z shaxsiy ehtiyojiga sarflab yuborgan. Keyinchalik u bu bilan kifoyalanmasdan fuqaro S.B.ga nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va`da qilib, undan 1 million 500 ming so`m pulni firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritgan.
Qodir Odilov ovi baroridan kelayotgan ovchidek o`z harakatlarini davom ettirib, fuqaro O.Ch. tomonidan yozilgan murojaatdan ham moddiy manfaat ko`zlab, uning ham ishonchiga kirib, go`yoki o`zini murojaat yuzasidan ish olib borayotganday ko`rsatadi. Bu murojaatchidan ham turli vaqtlarda, turli joylarda 4 million 100 ming so`m pullarni olgan.
Har qanday ishonchning ham chegarasi bor, albatta. Qodir Odilovga ishonganlarning ham toqati toq bo`lib, holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi. Olib borilgan tergov harakatlari natijasida inson huquqlari “himoyachisi”ning qilmishlari fosh etildi.
– Afsuski, oramizda ishonuvchan, sodda odamlar ko`p, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Yozyovon tuman sudi raisi B. Haydarov. – Ular firibgarlarning tuzog`iga tushib qolyapti. Inson huquqlari mustaqil tashkilotida ishlovchi xodimning ham shunday ishga qo`l urganligi achinarlidir. Albatta jinoyatga jazo muqarrar. Ochiq sud majlisida Q. Odilov va uning jinoiy sherigiga oid jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Jinoyat ishi materiallari va boshqa dalillarga baho berib, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar ko`rsatmalarini tinglab, sudlanuvchilar tomonidan etkazilgan zararlar to`liq qoplanganini inobatga olib, insoniylik tamoyiliga rioya etgan holda ularga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo qo`llashni lozim topdi.