O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputatlari bilan uchrashdi.
Parlament yuqori palatasi Raisi o`z nutqida mahalliy Kengashlar oldidaPrezidentimizning Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarga to`xtaldi. Viloyat, tuman, shahar Kengashlari faoliyatini jonlantirish vaqti kelganligiga alohida urg`u berdi.
Qayd etilganidek, saylovchilarning ishonchini oqlashda, Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda barcha darajadagi deputatlardan katta mas`uliyat talab etiladi. Endi xalq deputatlari Kengashlari ham, ularning doimiy komissiyalari ham o`z ish uslublarini tubdan o`zgartirishlari lozim. Yaqin va uzoq istiqboldagi vazifalar ijrosini ta`minlash, xalq farovonligini yuksaltirish, saylovchilar tomonidan saylovoldi uchrashuvlarida ko`tarilgan muammolarni hal etish bilan izchil shug`ullanish ularni ish faoliyatining bosh mezoniga aylanishi darkor.
Senat Raisi o`z nutqida endi har oyda mahalliy Kengashlarda davlat organi rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlash, qonun, farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarni ijro etish yuzasidan mas`ul idora va tashkilotlarning axborotlari eshitilib, faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarga tegishli choralar ko`rish amaliyoti joriy etilishi zarurligini ta`kidladi. Prezidentimiz tomonidan Kengash so`rovi institutini joriy etish taklifi kiritilgani va bu bo`yicha ham qonunchilikka o`zgartirish kiritish yuzasidan ishlar boshlangani xususida so`z yuritdi.
- Yangi O`zbekistonni barpo etish faqat maqsadning o`zigina emas, aniq harakatlarda o`z aksini topayotir, - dedi Senat Raisi T.Narbaeva. - So`nggi yillarda erkinlik, ochiqlik hayotimizning mazmuniga aylanib borayotganligini xalqimiz endi o`z hayotida his etmoqda. Bu mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar samarasidir. Bugungi kunda odamlar emin-erkin o`z muammolarini davlat idoralari oldiga ko`ndalang qo`ymoqda. Deputatlar ana shu o`zgarishlarning tashkilotchisi, tashabbuskori bo`lmog`i kerak. Buning uchun xalq deputatlari kengashlari katta vakolatlarga ega.
Shu bilan birga, deputat so`rovi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga g`amxo`rlikni oshirish, joylarda deputatlar xonasi faoliyatini yo`lga qo`yish va boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Yig`ilish yakunida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev Senat Raisi bilan o`tkazilgan muloqot xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.






