O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 fevraldagi “Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to`g`risida” qaroriga asosan joriy yilning 1 aprelidan boshlab qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash ob`ektlari uchun xavf-xatarlar toifalari va ob`ektlarning funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda davlat qurilish nazoratining takomillashgan tartibi joriy etiladi.
Takomillashtirilgan tartibga asosan:
- ob`ektlarning loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishga, ob`ektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish tartibi va davriyligiga qo`yiladigan tabaqalashgan talablar ularning xavf-xatarlar toifasi va funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
- xavf-xatar toifasi past va yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ob`ektlari uchun loyiha hujjatlari ekspertizasi, mualliflik nazorati va davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo`yicha majburiy talablarni bekor qilinadi. Buning o`rniga Qurilish vazirligining hududiy bo`linmalari qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan ob`ektning qurilish sohasiga oid qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini instrumental texnik tekshiruvdan o`tkazishni joriy qilinadi;
- Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar inspektorlariga, shuningdek, xavf-xatar toifasi yuqori bo`lgan ob`ektlarda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarga qo`yiladigan malakaviy talablar va ularning javobgarligi kuchaytiriladi;
2020 yil davomida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari, shu jumladan, elektron hujjat almashinuvi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
“Qurilishdagi nazorat” quyi tizimi 2020 yil 1 iyundan boshlab Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushiriladi.
Ob`ektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo`yicha ma`muriy reglament ikki oy muddatda Hukumatga kiritilishi kerak.
Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalarga davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida keng vakolatlar berildi.
Xususan, ular bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta`sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlangan holatlarda qurilish-montaj ishlarini to`xtatib turish va demontaj ishlarini amalga oshirishni talab qilish huquqiga egalar.
Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarga ob`ektdagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, biroq 60 kundan ortiq bo`lmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo`yicha ijro etilishi majburiy bo`lgan ko`rsatmalar beradilar.
Loyihalashtirish va qurilish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun lisenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to`xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalarni yuboradilar.
Ob`ektlarda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta`sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo`llanilgani aniqlangan hollarda, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarish, sotish va qo`llashni to`xtatib turish haqida tegishli organ va tashkilotlarga taqdimnomalarni kiritadilar.
Shuningdek, qaror bilan inspeksiyaning maqomi ham oshirildi. Endi bu davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs, respublika davlat boshqaruvi organi bo`lib, o`z faoliyatida Qurilish vazirligiga hisobdor bo`ladi. Uning tuzilmasida Komplaens xizmati tashkil qilinadi, hududiy inspeksiyalar tuzilmasiga komplaens-nazorat bo`yicha mutaxassis lavozimi kiritiladi. Xizmat va mutaxassislar bevosita Inspeksiya boshlig`iga bo`ysunadi.
2020 yil 1 martdan boshlab Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq to`lash miqdorlari 1,4 barobarga oshiriladi. 1 iyuldan boshlab esa Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar boshliqlari shaharsozlik to`g`risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqishni boshlaydi. Huquqbuzar tomonidan huquqbuzarlik faktiga e`tiroz bildirilgan hollarda ishni ko`rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibi saqlab qolinadi.






