Joriy yilning 3 fevral kunidan 29 fevral kuniga qadar respublikamizning barcha viloyatlarida Akademiyaning 5-bosqich kursantlari “Bo`linmalarda xizmat va jangovar tayyorgarlikni tashkillashtirish bo`limi katta ofiseri” va “Yong`in nazorati va profilaktikasini tashkil etish bo`limi bosh inspektori” lavozimlarida malakaviy amaliyotni o`tash davrida bo`lib, belgilangan obe`ktlar va aholi o`rtasida targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda.
Jumladan, 5-bosqich kursanti Bobur Abbosov Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasida “Bo`linmalarda xizmat va jangovar tayyorgarlikni tashkillashtirish bo`limi katta ofiseri”amaliyotni o`tash davrida 2020 yilning 16 fevral kuni Namangan viloyati Uychi tuman Favqulodda vaziyatlar bo`limi inspektori katta serjant Pahlavon Davlatov bilan birgalikda Uychi tuman Beruniy MFY hududida targ`ibot ishlarini amalga oshirishayotgan vaqtlarida shu hududdan oqib o`tuvchi kanalga o`zini tashlagan odam haqida fuqarolardan xabar kelib tushdi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida xodimlar kanal atrofiga borib, Uychi tumanidan oqib o`tgan Farg`ona kanalidan ruhiy hasta bo`lgan fuqaroni qutqarib, uning yaqinlariga sog`-salomat topshirishdi.
Holat yuzasidan tezkor xabar berib, ko`ngilsiz hodisani oldini olishda yordam bergan fuqarolarga Namangan viloyat FVB rahbariyati o`z minnatdorchiligini bildirdi.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, albatta, yuksak jismoniy tayyorgarlikka hamda oliy ma`lumotga ega bo`lgan har bir kursant qutqaruvchidek sharafli kasb egasi bo`lishi mumkin. Bundan tashqari, bo`lajak qutqaruvchilar qat`iyatli va jasur, insonlarga nisbatan cheksiz muhabbat kabi xislatlar egasi bo`lishi lozim.
O`zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi Matbuot xizmati.






