Avvalroq saytimizda "YPX xodimining avtomobili nega yo`lning o`rtasida to`xtadi?" sarlavhali video-xabar berilgan edi. Bu maqola yuzasidan O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha Navoiy viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan Hatirchi tumani hududida harakat xavfsizligini ta`minlash yuzasidan reyd tadbirlari o`tkazilgan. Yo`l chetiga transport vositalarini betartib joylashtirgan haydovchilarga xizmat avtomashinasidagi ovoz kuchaytirgich moslamasi orqali ogohlantirish berilgan.
Ushbu holatni atrofdagi notanish fuqarolardan biri videotasvirga olgan. Fuqaro tomonidan holatga bir tomonlama baho berilgan. Vaholanki, boshqa transport vositalari yo`l chetiga betartib joylashganligi, YPX inspektorlari ushbu transport vositalari haydovchilarini tartibga chaqirayotganligi tasvirda umuman tilga olinmagan.
Shuningdek, videotasvirda xizmat avtomashinasi mayoqchalari yongan holatda bo`lgan. Bu esa avtomashina shunchaki emas xizmat yuzasidan to`xtab turganligini anglatadi.






