O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020 yil 18 fevralda o`tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan qizg`in muhokama etilgan masalalardan biri «O`zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to`g`risida»gi qonun loyihasi bo`ldi.
Qayd etilganidek, fuqarolik — har bir shaxsga barcha fuqarolar qatori teng sharoit va imkoniyatlardan foydalanish huquqini beruvchi muhim ijtimoiy-siyosiy huquq hisoblanadi. Vatanimiz hududida tug`ilib, yashab, ishlab, biroq muayyan sabablarga ko`ra, ana shunday muhim huquq — O`zbekiston fuqaroligini ololmay yurgan yurtdoshlarimiz ham oz emas.
Shu bois, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev keyingi uch yil ichida ana shunday og`riqli masalasi bor ko`plab yurtdoshlarimizga O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini berdi.
Statistika ma`lumotlariga ko`ra, 1991 yil sentyabr oyidan bugungi kunga qadar 8249 nafar fuqaroligi bo`lmagan shaxs O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan. Ularning asosiy qismi — 7765 nafari (94 foizi) 2016 yil dekabr oyidan 2019 yil iyul oyiga qadar O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasida ham ayni masalaga alohida to`xtalib o`tgani ming-minglab yurtdoshlarimizning olqishiga sazovor bo`ldi.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada, jumladan, fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta`minlash borasida navbatdagi muhim qadam qo`yish zarurligini hayotning o`zi taqozo etayotganini qayd etdi.
Prezidentimiz mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O`zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo`la olmayotgan minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal etish bo`yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko`rish vaqti kelganini ta`kidlar ekan, xususan, 1995 yilgacha O`zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkorligi to`g`risida ko`rsatma bergan edi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, shu tariqa 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bog`liq uzoq yillardan buyon echilmasdan kelayotgan muammosi hal etilishi ko`zda tutilgan edi.
Majlisda parlament a`zolari tomonidan keng muhokama etilgan «O`zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to`g`risida»gi qonun loyihasi ayni muhim masalani hal etishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Amaldagi Qonun 27 yil avval qabul qilingan bo`lib, ma`nan eskirgan hamda bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qo`lamli islohotlar talablariga javob bermaydi.
Shu bois, loyiha parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruh hamda Vazirlar Mahkamasi, Adliya, Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari mutaxassislari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida qayta-qayta ko`rib chiqilib, tahlil qilindi. Mutaxassis va ekspertlarning takliflari olindi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining 6-moddasida 1995 yil 1 yanvarga qadar O`zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskaga o`tgan, xorijiy davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu Qonun kuchga kirgan kunga qadar O`zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida istiqomat qilgan shaxs, istak bildirgan taqdirda O`zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga “vatandosh” tushunchasi kiritilib, fuqaroligi bo`lmagan vatandoshlarga nisbatan fuqarolikka qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi belgilanmoqda. O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini ko`rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari yaratilishi bo`yicha qator normalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida O`zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish tartib-taomillari erkinlashtiriladi. Fuqarolikni olish maqsadida taqdim etilishi lozim bo`lgan hujjatlar soni qisqaradi. Fuqarolarni konsullik hisobiga turish muddati uzaytiriladi. Umuman, bu bilan sohaga doir huquqni qo`llash amaliyotining aniq va bir xilda bo`lishi ta`minlanadi.
Majlisda kechgan qizg`in savol-javob, muhokamalardan so`ng qonun qabul qilindi va Senatga yuboriladigan bo`ldi.






