Davlat soliq qo`mitasi sobiq raisi Botir Parpiev hamda sobiq Xotin-qizlar qo`mitasi raisi lavozimida ishlagan Elmira Bositxonova yangi vazirning o`rinbosarlari etib tayinlandi.
Bu haqda «Gazeta.uz» hukumatdagi manbasiga tayangan holda xabar berdi.
Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika Kengashi raisining Keksalar va faxriylar ishlari bo`yicha o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan Botir Parpiev yangi lavozimga tayinlandi.
Xabarda ta`kidlanishicha, Davlat soliq qo`mitasi sobiq raisi Parpiev endilikda yangi tashkil etilgan mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri o`rinbosari bo`lgan.
Shuningdek, vazirning birinchi o`rinbosari etib sobiq Xotin-qizlar qo`mitasi raisi lavozimida ishlagan Elmira Bositxonova tayinlangan. Bundan tashqari, sobiq «Nuroniy» jamg`armasiga rahbarlik qilgan Sodiqjon Turdimov ham vazir o`rinbosariga aylandi. U 19 fevral kuni Adliya vazirligida o`tkazilgan matbuot anjumanida vazir o`rinbosari sifatida tanishtirilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18 fevral kuni o`tkazilgan navbatdagi majlisida O`zbekiston prezidentining «Jamiyatda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo`llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmonini tasdiqlash haqidagi masala ko`rib chiqilgandi.
Davlat rahbarining mazkur farmoni bilan O`zbekiston Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilishi ma`qullangan. Shuningdek, yangi tuzilma rahbari lavozimiga Rahmat Mamatov nomzodini ma`qullagan.
Shundan keyin, vazir o`rinbosari vazifalari Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Aziz Ikromov zimmasiga yuklatilgani haqida xabar berildi.
Prezident Farmoniga asosan Xotin-qizlar qo`mitasi tugatilgani haqida avval ma`lum qilgan edik.






